Majburiy ijro byurosi (MIB) organlari tomonidan o‘tgan yilda qanday ishlar amalga oshirildi? Bu savolga MIB axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov javob berdi:
– 2025 yilda 57,8 trillion so‘mlik undiruvlar amalga oshirilib, 9,6 million hujjat ijrosi ta’minlandi. Davlat foydasiga 36,3 trillion so‘m, tadbirkorlik va boshqa sub’ektlar foydasiga 19,3 trillion so‘m va fuqarolar foydasiga 2,1 trillion so‘m mablag‘ undiridi.
Fuqarolar mol-mulkiga daxl qilmasdan va majburiy ijro harakatlari o‘tkazilmasdan 1,1 trillion so‘mlik 2,6 millionta hujjatlar ijro qilindi.
Energiya resurslari sohasida 638 milliard so‘mlik qarzdorlik undirildi.
Ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun joriy etilgan “daftarlar” hisobiga 1,5 trillion so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 391 milliard so‘m ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi.
Shuningdek, 3,1 trillion so‘mlik aliment mablag‘lari undirildi va “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan 588 nafar undiruvchiga 26,8 milliard so‘m pul mablag‘lari to‘lab berildi.
Bundan tashqari, 26 ming 753 nafar aliment to‘lovchi fuqarolar ishga joylashtirildi hamda 13 ming 834 oila yarashtirildi.
Qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan 869 nafar shaxs ishga tiklanib, 36,9 milliard so‘mlik ish haqi undirildi.
Raqamlashtirish jarayoni ijro tizimiga izchillik bilan tatbiq etilishi natijasida, 95 million qarordan 63 million tasi yoki 66 foizi inson aralashuvisiz avtomatik tarzda qabul qilindi.
Ijro harakatlari haqida fuqarolarga 76 million “SMS - xabarnoma”lar avtomatik tarzda yuborildi.
Elektron to‘lov tizimlari orqali 17 trillion so‘m undirilib, 200 mingta cheklovlar inson omilisiz bekor qilindi.
Raqamlashtirish natijasida, mehnat unumdorligi 3 barobarga oshdi (2021 yilda davlat ijrochisi 1 oyda 113 ijro ishini tamomlagan, hozirda bu ko‘rsatkich 329 tani tashkil qilmoqda).
Hozirda ijro etish sohasiga sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish jarayonlari ham boshlandi.
N.Abduraimova,
O‘zA