O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan joriy yil 9 oyi davomida bajarilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ommaviy axborot vositalari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari vakillari, viloyat kadastr tizimi mutasaddilari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda kadastr tizimini rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
– O‘tgan davr mobaynida jami 832 ta holatda 82,5 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi, – deydi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Fayoziddin Berdiqulov. – Yer bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari tahlil etilganida, qonunbuzilish holati eng ko‘p 437 holatda 70,3 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar kesimida yo‘l qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi. Qolgan 12,3 gektar maydon bilan bog‘liq 395 ta holat esa aholi punktlari, sanoat, transport, aloqa, o‘rmon fondi, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik maskanlar va boshqa yo‘nalishlardagi yerlarga taalluqliligi qayd etildi.
Aniqlangan yer qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi. Jumladan, 832 nafar shaxsga qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha ogohlantirish xatlari yuborildi. Natijada holatlarning 64,7 foizi bartaraf etildi.
[gallery-9262]
Noqonuniy barpo etilgan qurilmalarni buzdirish maqsadida Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 237 ta da’vo arizasi kiritildi. Aniqlangan qonunbuzilish holatlarining 173 tasida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lganligi sababli huquqiy baho berish uchun tegishli hujjatlar asosida prokuratura organlariga taqdim etildi.
Bundan tashqari, qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan 3 ming 822 nafar fuqaroga ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirildi. Ularning 2 ming 730 nafariga 7 milliard 103 million so‘mdan ziyod miqdorida jarimalar qo‘llanildi. Qo‘llanilgan jarimalarning 3 milliard 481 million 749 ming so‘mi yoki 67,8 foiz undirildi.
Huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan 507 nafar shaxsga nisbatan qo‘llanilgan 1 milliard 329 million 373 ming so‘m miqdoridagi muddati o‘tgan jarimalar majburiy tartibda undirish uchun majburiy ijro byurosi hududiy bo‘limlariga yuborildi. Natijada muddati o‘tgan jarimalarning 29,2 foizi undirildi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 21 fevraldagi “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Bosh prokuratura tarkibida Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish boshqarmasi, Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti tarkibida Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘limi, hududiy tezkor-qidiruv xizmatlarida esa Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘linmalari tashkil etilganligi ta’kidlanib, ana shu tuzilmalar bilan hamkorlikda qator nazorat tadbirlari o‘tkazilgani qayd etildi. Jumladan, 24 holatda yer qonunbuzilishlar aniqlanib, shundan 7 tasiga Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 8 tasiga ma’muriy choralar ko‘rildi, 9 tasi bo‘yicha surishtired ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, matbuot anjumanida sohaga oid yangiliklar, yer maydonlaridan qonuniy va samarali foydalanish yuzasidan olib borilayotgan targ‘ibot ishlari, aholi murojaatlari va ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA