Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
82,1 foiz aholi markazlashgan holatda ichimlik suvi olmoqda
18:27 / 2025-10-21

So‘nggi 8 yil ichida O‘zbekistonda ichimlik suvi ta’minoti sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Bu davrda mamlakat aholisini bosqichma-bosqich markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida sezilarli ishlar qilindi. Ayni kunga kelib, respublikamizdagi 38 million aholining 82,1 foizi markazlashgan ichimlik suvi tarmoqlari orqali suv bilan ta’minlangan.

Davlat rahbari tashabbusi bilan sohaga 27,5 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi, bu mablag‘lar hisobiga mamlakat bo‘ylab minglab suv inshootlari qurildi va yangilandi. Natijada aholi tomonidan markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti darajasi 63 foizdan 82,1 foizga ko‘tarildi.

Hududlardagi ko‘rsatkichlar sezilarli darajada yaxshilandi. Masalan, Qashqadaryo viloyatida ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik 20,8 foizdan 61,2 foizga, Dehqonobod tumanida esa 2 foizdan 51 foizga oshdi. Jizzax, Surxondaryo, Buxoro va boshqa viloyatlarda ham aholiga sifatli suv yetkazish darajasi sezilarli o‘sishga erishdi.

Bu borada amalga oshirilgan loyihalardan biri –“Oqsuv-Dehqonobod” loyihasi bo‘lib, u 76 ming nafar aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlashga xizmat qildi. Shuningdek, Toshkent viloyatida Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobiga “Qodiriya” suv inshooti modernizatsiya va Buxoroda Jahon banki ishtirokida “Dvoynik” suv tozalash inshooti rekonstruksiya qilindi.

O‘zA muxbiri sohadagi ishlar va kelajak rejalari haqida “O‘zsuvta’minot” AJ rahbari Ahmad Suvonqulov bilan suhbatlashdi.

– Ahmad Xudoyshukurovich, so‘nggi 8 yil ichida suv ta’minoti sohasida qanday asosiy yutuqlarga erishildi?

– Albatta, ushbu muddatda soha juda katta o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldi. Mamlakatimizda 27,5 trillion so‘m mablag‘ sarflandi, bu mablag‘larning asosiy qismi so‘nggi uch yilda o‘z natijasini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, 3,6 mingdan ziyod suv inshootlari qurilib, 40 ming kilometrdan ortiq suv tarmoqlari yangilandi. Natijada 7,7 million aholi ilk bor sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 11,5 million aholining suv ta’minoti yaxshilandi. 

– Hududlar orasida suv ta’minotidagi farq qanchalik sezilarli? 

– Ha, hududlar orasida ayrim farqlar mavjud. Masalan, Qashqadaryoda 20,8 foizdan 61,2 foizga, Dehqonobodda esa 2 foizdan 51 foizga ko‘tarildi. Boshqa viloyatlarda ham o‘sish ko‘p. Bu esa Prezidentimiz tomonidan berilgan va’dalarning amalga oshirilishi, aholi muammolarini hal qilishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasidir. 

– Hududlardagi yirik loyihalar haqida ham qisqacha so‘zlab bersangiz?

– Albatta, Surxondaryoda “To‘palang” suv ombori asosida ikki bosqichda loyiha amalga oshirildi, bu 500 mingga yaqin aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanishini yaxshilashga xizmat qildi. Jizzaxda Zarafshon daryosi suvlaridan foydalanish orqali 286 ming aholi suv bilan ta’minlandi. Qashqadaryoda “Oqsuv-Dehqonobod” loyihasi 76 ming odamni sifatli ichimlik suvi bilan ta’minladi. 

– Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik qanday yo‘lga qo‘yilgan?

– Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik sohani rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Masalan, Osiyo taraqqiyot banki kreditlari hisobiga Toshkent viloyatidagi “Qodiriya” suv inshooti rekonstruksiya qilindi. Bu loyiha 273 ming nafar aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanishini yaxshilashga xizmat qildi. Jahon banki bilan hamkorlikda Buxoro viloyatidagi “Dvoynik” suv tozalash inshooti modernizatsiya qilindi va 280 ming aholiga sifatli suv yetkazildi.

– Kelgusi besh yilda sohada qanday rejalar bor?

– Kelgusi besh yilda sohaga 40 trillion so‘m investitsiya jalb etish rejalashtirilgan. Bu mablag‘lar orqali ichimlik suvi ta’minoti 90 foizga, oqova suv xizmatlari qamrovi esa 32,6 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida 2,8 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.

– Aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji doimiy. Bu borada qaysi ustuvor yo‘nalishlarga e’tibor qaratilmoqda? 

– Birinchi navbatda sifatli va barqaror suv ta’minotini ta’minlashga, suv resurslarini samarali boshqarishga, innovatsion texnologiyalarni joriy etishga katta e’tibor berilyapti. Shu bilan birga, aholiga ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida ham aholi bilan muntazam muloqot o‘rnatilmoqda.

Ichimlik suvi ta’minoti sohasidagi bu keng ko‘lamli ishlar aholining turmush darajasini yaxshilash, sog‘lom avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Davlat rahbarining suv bilan bog‘liq muammolarga nisbatan qat’iy pozitsiyasi va amaliy choralari esa bu yo‘ldagi eng asosiy omildir.

Nilufar Bozorova, O‘zA