Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
81 yoshli onaxon faxriy unvon oldi
12:29 / 2022-08-31

Samarqand viloyati hokimligida Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan Prezident farmonlariga ko‘ra, davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan taqdirlangan viloyat faollariga mukofotlarni tantanali topshirish marosimi o‘tkazildi.

Tadbir qatnashchilarini viloyat hokimi E.Turdimov tabriklab, fidoyi vatandoshlarimizning yurt taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi samarali mehnatlari munosib e’tirof etilganini ta’kidladi.

– Sizlarning o‘z bilim va zakovatingiz bilan, kerak bo‘lsa, huzur-halovatdan kechib, kechani kecha, kunduzni kunduz demay, har qanday qiyinchilik va mashaqqatlarni yengib qilgan mehnatlaringiz viloyatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda, – dedi E.Turdimov. – Bu o‘rinda men sakson yoshida ham mehnat va fidoyilikda barchamizga ibrat bo‘layotgan, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan pillachi” unvoniga sazovor bo‘lgan payariqlik Ulbuvi Tugonova, “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan urgutlik 122 yoshli Ulug‘oy Olimova, Samarqandimizning faxri bo‘lgan ilg‘or ziyoli – “O‘zbekiston fan arbobi” deb e’tirof etilgan Rustam Xolmurodov, ajdodlarimizdan meros hunarmandchilik an’analarini davom ettirib, yosh avlodga o‘rgatib kelayotgan qo‘li gul hunarmandimiz – “O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoniga munosib ko‘rilgan Jo‘raqul Inoyatov, “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan tajribali qishloq xo‘jalik xodimi To‘xta Xudoynazarov, Nurobodning olis bir qishlog‘ida yoshlarni kitobga oshno etishga butun borlig‘ini bag‘ishlab kelayotgan va shu xizmatlari uchun II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangan Adolat Tog‘ayeva nomlarini alohida qayd etishni istardim.

Shundan so‘ng viloyat hokimi davlat mukofotlarini o‘z egalariga topshirdi. Mehnatlari e’tirof etilgan yurtdoshlarimiz ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan minnatdor ekanliklarini bildirib, bundan buyon ham jonajon Vatanimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilishlarini bildirdilar.

[gallery-8597]

– Oltmish yildan buyon pillachilik bilan shug‘ullanaman, – deydi Payariq tumanidagi “Tug‘onov Bebit bobo” fermer xo‘jaligi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan pillachi Ulbuvi Tugonova. – Xudoga shukr, mehnat qilib kam bo‘lmadik, to‘qqiz farzandni tarbiyalab, uyli-joyli qildik. Haligacha farzandu nabiralarim, kelinlarim bilan pilla boqamiz. Bu yil ham uch quti ipak qurti parvarishladik. Bu mehnatning ro‘zg‘orga barakasi bor. Shu yoshimda meni qadrlab, mukofot bergan Prezidentimizdan minnatdorman.

– Armresling bo‘yicha chempion bo‘lganimdan so‘ng 2000 yillarda sportdan ketmoqchi bo‘lgandim, – deydi Samarqand shahar 2-son bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiy-o‘qituvchisi, “Jasorat” medali sohibi Yusuf Qodirov. – O‘shanda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “hali siz bizga chempionlar tayyorlab berishingiz kerak, o‘zingizdan ham yuqori natijalar kutamiz” deb meni ruhlantirgan va murabbiylik bilan shug‘ullanishni maslahat bergan edilar. Shundan so‘ng ham sportchi, ham murabbiy sifatida faoliyat olib borib, o‘nlab chempionlar tayyorladim, haligacha shogirdlarimga saboq beraman. Shuning uchun bu mukofotda Prezidentimizning, onam va yaqinlarimning hissasi katta deb bilaman.

Shuningdek, marosimda jamiyat hayotida mahalla institutining roli va mavqeini oshirishda faol ishtirok etayotgan bir guruh faollarga “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni topshirildi.

 

G‘.HASANOV,

A.ISROILOV (surat), O‘zA