Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
80 ta tumanda dorivor o‘simliklarni yetishtirishga moslashtirilgan plantatsiyalar tashkil etiladi
07:55 / 2022-04-15

So‘nggi yillarda tibbiy asbob-uskunalarni hamda dori vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yanada qo‘llab-quvvatlash va aholi talab-ehtiyojidan kelib chiqib, mahsulotlar turini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Natijada, 647 turdagi dori va tibbiy buyumlarni o‘zimizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Ammo mamlakatimiz iqlim sharoiti va boy o‘simlik dunyosi hisobga olinsa, aholi talabi darajasidagi tibbiyot buyumlari va dori vositalarini ishlab chiqarishda barcha kuch va imkoniyatlardan foydalanmayotganimizni ko‘rishimiz mumkin. Bugun mamlakatimizda yiliga 1 milliard 600 million dollarlik farmatsevtika mahsulotlari iste’mol qilinadi. Shundan katta qismi – qariyb 1 milliard 200 million dollarlik mahsulotlar import qilinmoqda. 

Ushbu jarayon hududlar kesimida olinganda yana ham achinarli holatda ekanligini kuzatish mumkin. Jumladan, bugungi kunda Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida iste’mol qilinadigan dorining atigi 2-5 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazmda atigi 1 tadan eng oddiy dorilarni ishlab chiqaradigan korxona mavjud bo‘lsa-da, mazkur viloyatlar kelgusi 2 yilda bor-yo‘g‘i 2 tadan yangi loyihani amalga oshirishni reja qilgan. 

Davlatimiz rahbari boshchiligidagi videoselektor yig‘ilishida ham yuqoridagi kabi bir qator kamchiliklar tanqidiy tahlil qilinib, mutasaddilarga qisqa muddatlarda muammolarni bartaraf etish orqali aholiga mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqariladigan farmatsevtik mahsulotlar sonini oshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi. 

Jumladan, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan farmatsevtika sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 3 baravar ko‘paytirish va mahalliy bozorni ta’minlash darajasini 80 foizga yetkazish borasidagi vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshirishga qaratilgan bir qator loyihalarni shu yilning o‘zida amalga oshirilishi ta’kidlandi. 

Xususan, joriy yilning o‘zida 80 million dollarlik 34 ta loyiha rejalashtirilgan bo‘lib, mutasaddilarga ushbu loyihalarni amalga oshirishda tadbirkorlarga ko‘maklashib, yirik xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazib, ularning brendlarni jalb qilish vazifalari yuklatildi.

Shuningdek, Investitsiyalar loyiha markazi tomonidan ishlab chiqilgan qo‘shimcha 18 ta istiqbolli loyihani Hindiston, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlar kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berildi. 

Yangi loyihalarni moliyalashtirish hamda aylanma mablag‘lar uchun 200 million dollar kredit resurslari jalb qilinishi belgilandi. 
Shu bilan birga, 80 ta tumanda dorivor o‘simliklarni yetishtirishga moslashtirilgan plantatsiyalar tashkil etiladi. Bu tajribani kengaytirishda kooperatsiya va oilaviy tadbirkorlik uchun nazarda tutilgan barcha imtiyoz va moliyalashtirish tartiblari tatbiq etiladi. Dorivor o‘simliklarni qayta ishlaydigan korxonalar 2025 yil 1 yanvarga qadar uskuna va ehtiyot qismlar, xomashyo importida bojxona bojidan ozod qilinadi.

Ularga tayyor mahsulotlar eksporti uchun transport xarajatlarining 50 foizigacha qismi qoplab beriladi, har 10 gektar plantatsiyalarga suv chiqarish uchun 600 ming so‘mdan subsidiya ajratiladi, dorivor o‘simliklar plantatsiyalariga boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Xulosa, qilib aytganda, sohada boshlangan islohotlar hamda uni takomillashtirishga qaratilgan huquqiy asoslar mamlakatmizda mahalliy dori vositalari ishlab chiqarish orqali nafaqat aholi ehtiyojini qoplash, shu bilan birga eksport salohiyatini oshirish imkonini ham yaratib beradi.



Mavluda Adhamjonova, 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati