Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
8 sotix issiqxonadan 200 million daromad topayotgan tadbirkor
15:23 / 2022-03-13

Limon – inson salomatligi uchun koni foyda.

Xususan, limon tabiiy qon tozalovchi vosita hisoblanadi. Dunyo miqyosida mazkur mevadan qon bosimi ko‘tarilganda, oshqozon-ichak kasalliklarida, podagra, ateroskleroz, o‘pka sili, nafas yo‘llari shamollaganda, gepatit, bavosir, tana haroratini tushirishda, bod kasalliklarini davolashda keng foydalaniladi. Bundan tashqari miyada qon quyulib qolishining oldini oladi.

Limonning hidi asablarni tinchlantirish xususiyatiga ega bo‘lib, u nafaqat ijobiy ta’sir qiladi, balki xavotir hamda tushkunlik hisi bilan kurashishga ham yordam beradi. Limon mevalari uzoq saqlanganda va qayta ishlanganda ham tarkibidagi vitaminlarning saqlanishi uning qimmatli xususiyatlaridan biridir.

Shuni ham aytish joiz, limon mevalari va undan tayyorlangan betakror sharbatlar dunyo mamlakatlari aholisining odatiy oziq-ovqat mahsulotlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, bugungi kunda dunyodagi pandemiya sharoitida mazkur mevaga bo‘lgan talab yanada oshdi.

bugungi kunda mamlakatimizda limon ko‘chatlarini yetishtirish va uni yetishtiruvchi issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etishni jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa, aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, qishloq joylarda yangi ish o‘rinlari yaratish va turmush darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.

Xo‘sh, bir sotix limon issiqxonasi tashkil etishga qancha xarajat ketadi? Agar siz bir sotix handakda ko‘chat ekmoqchi bo‘lsangiz, yer qazish, sim reyka o‘rnatish va 16-17 dona ko‘chat kerak bo‘ladi. Buning uchun o‘rtacha 7 million so‘m sarflanadi. Agarda texnika o‘zingizda bo‘lsa 3 million so‘m ham yetadi. Mutaxassislarning aytishicha, limon issiqxonasi kun davomida quyosh nuri tushadigan joyga qurilishi zarur ekan.

Limonchilik serdaromad soha. Birinchi yilda gullaydi, lekin, hosil bermaydi. Ana shunda yangi navdalardan qalamcha olib, ko‘chat tayyorlab sotsa bo‘ladi. Har bir ko‘chatdan 50 donagacha qalamcha tayyorlanishi, birinchi yildayoq sarf-xarajatlarni qoplashda qo‘l keladi. Uchinchi yilda limon hosilga kiradi. Shuni ham aytish joiz, uch yilga qadar limon ko‘chatlari orasida qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirib, masalan pomidor, bodring, bolgarqalampir va boshqa ekinlarni ekib daromadni yanada oshirish mumkin.

To‘g‘ri nihol yetishtirib, uni hosilga qadar parvarishlashning o‘ziga yarasha mashaqqati bor. Buning qiyinchiligidan qochmay, tomorqasida limon yetishtirib yiliga 200 million so‘mgacha daromad olayotgan Zikrillo Rahmonov mana shunday tadbirkorlardan biri.

Rahmonovlar oilasi 8 sotix issiqxonada limon parvarishlamoqda. Pista ko‘chati yetishtirib sotish ham bu oilaning yana bir daromad manbai hisoblanadi.

– Ikki yoshli limon ko‘chatini ekkan edik, – deydi farg‘onalik Zikrillo Rahmonov. – Ekkan ko‘chatlarimiz oradan uch yil vaqt o‘tgach birinchi hosilini olik. Mazkur meva juda serhosil, serdaromad bo‘lar ekan. bugungi kunda limon ko‘chatlarimizni ekkanimizga o‘ninchi yil bo‘layotgan bo‘lsa, har yiliga kamida 4-5 tonna hosil olamiz. Hozirgi kunda yetishtirgan limonlarimizni ichki bozorga hamda xorijiy davlatlarga eksport qilyapmiz. Shu 8 sotixlik limondan bir yilda 200 million daromad topyapmiz. Shu soha orqali ro‘zg‘or tebratyapmiz, farzandlarimizni oliygohlarda o‘qityapmiz. Yangi uylar qurib, to‘ylar qildik.

Aslida dehqon qachon shunday mehnat qiladi? Qachonki, mehnati qadr topsa, yaxshi daromad olsa. Qishloqda ish yo‘qda, deb bir chetda davlatdan yordam kutib o‘tirmaydi. O‘zida bor kichik tomorqasidan unumli foydalanib, yuqori daromad olib, bozorlarimizni to‘kisligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Qolaversa, ro‘zg‘ori but, dasturxoni to‘kin.

Shahnoza Mamaturopova,

O‘zA muxbiri