English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
8-sonli tergov hibsxonasida Konstitutsiya loyihasi muhokama qilindi
08:43 / 2023-04-01

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari kafolatlari uchaytirilmoqda. Xususan, O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanmoqda. Bundan tashqari, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi belgilanyapti. Ilk bor shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, sukut saqlash huquqi berilmoqda.

Yana bir muhim jihati, har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqliligi belgilanyapti.  

Ushbu normalar inson huquqlarini sud orqali himoya qilinishiga va shaxs erkinligi hamda daxlsizlik huquqining konstitutsiyaviy kafolati sifatida xizmat qiladi.

Xovos tumani adliya bo‘limi tomonidan 8-sonli tergov hibsxonasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar ishtirokida tashkil etilgan targ‘ibot tadbirida yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Jinoyat sodir etgan shaxsga javobgarlik muqarrardir. Lekin hech bir inson, hatto jazo o‘tayotgan shaxs ham noinsoniy muomalaga loyiq emas. Muloqotda Konstitutsiyada aks etgan mazkur qoida ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarning qadr-qimmati boshqa fuqarolarimiz bilan teng ta’minlanishini, mahkumlarni qiynoqqa solish va boshqa g‘ayriinsoniy munosabatdan himoya qilinishini kafolatlash uchun xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Sh. Suyarov, O‘zA