Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
8 oyda 37 mingga yaqin fuqaroga jami 9,9 trillion so‘m ipoteka kreditlari ajratilgan
14:33 / 2024-10-04

AOKAda Markaziy bank boshqarma boshlig‘i Nodir Komilov aholiga ipoteka kreditlari ajratish borasida joriy etilgan o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning o‘tgan 8 oyida 37 mingga yaqin fuqaroga jami 9,9 trillion so‘m miqdoridagi ipoteka kreditlari ajratildi. Joriy yil 1 sentyabr holatiga ipoteka kreditlarining qoldig‘i 63,6 trillion so‘mga yetdi.   

2024 yilda ajratilgan ipoteka kreditlarining 56 foizi  (5,6 trln. so‘mi) markazlashgan mablag‘lar, 33 foizi (3,2 trln. so‘mi) bankning o‘z mablag‘lari, 11 foizi (1,1 trln. so‘mi) esa “Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ mablag‘lari hisobidan ajratilgan ipoteka kreditlari hissasiga to‘g‘ri keladi.    

Joriy yilning yanvar-avgust oylarida ajratilgan jami 9,9 trillion so‘m miqdoridagi ipoteka kreditlarining 4,1 trillion so‘mi yoki 41 foizi ham ikkilamchi bozordan uy-joylar sotib olish uchun yo‘naltirilgan.  Joriy yilning 1 sentyabr holatiga ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishi uchun ajratilgan kreditlarning umumiy qoldig‘i 2 trillion 804 milliard so‘mni tashkil etib, 2020 yil boshiga nisbatan 2,5 barobarga yoki 1 trillion 419 milliard so‘mga oshgan.     

Ko‘chmas mulk bozorida amalga oshirilgan ishlar natijasida aholini uy-joy bilan ta’minlash darajasi sezilarli ravishda oshdi. Uy-joyning qiymati davlat dasturi doirasida ajratiladigan ipoteka kreditlarining yuqori qiymatidan oshganda, ya’ni Toshkent shahrida 420 million so‘mdan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 330 million so‘mdan yuqori bo‘lganda fuqarolar tijorat banklaridan bozor shartlari asosida ipoteka kreditlari olishi imkoniyatiga ega bo‘ldi.   

Birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishda ipoteka krediti predmetini sug‘urta xavflaridan sug‘urta qilish talabi bekor qilindi.    

Mazkur tartibning joriy etilishi fuqarolarning ipoteka kreditlari orqali birlamchi bozordan kvartiralar sotib olish jarayonida o‘rtacha 4-5 million so‘m miqdoridagi sug‘urta xarajatlarini iqtisod qilishga asos bo‘ldi.  Joriy yil 1 maydan boshlab dastur doirasida ipoteka kreditlari birinchi marta foydalanayotgan fuqarolarga ajratiladi.  Bu, o‘z navbatida, uy-joyga haqiqiy ehtiyojmand aholining markazlashgan mablag‘lar hisobidan arzon ipoteka kreditlaridan foydalanish imkoniyatini oshiradi.   

Tijorat banklarining ko‘chmas mulk bozoridagi faolligi natijasida ularning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratiladigan ipoteka kreditlari salmog‘i yil sayin oshib bormoqda. Xususan, 2020 yilda bankning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan ipoteka kreditlarining jami ajratilgan ipoteka kreditlaridagi ulushi 22 foizni (2 043 mlrd. so‘m) tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yil yakunida mazkur ko‘rsatkich 34 foizgacha (5 717 mlrd. so‘m) oshgan.     

Shuningdek, ajratilgan ipoteka kreditlari hajmida ikkilamchi bozorga yo‘naltirilgan kreditlarning o‘sish tendensiyasi saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, ikkilamchi bozordan kvartiralar sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlarining jami ajratilgan ipoteka kreditlari hajmidagi ulushi 2020 yildagi 3 foizdan (268,4 mlrd. so‘m) 2023 yildagi 42 foizgacha o‘sgan.   

Shu bilan birga, samarali uy-joy islohotlarini aholiga ipoteka kreditlari ajratilishini qo‘llab-quvvatlash birga, uy-joy qurilishini kengaytirishda ham ko‘rishimiz mumkin. Uy-joy taklifini rag‘batlantirish borasida 2020-2023 yillarda respublikada jami 328 mingta xonadon foydalanishga toshirilgan bo‘lsa, 2024 yil davlat dasturi doirasida 101,7 mingta kvartiralar qurilishi belgilangan.     

So‘nggi 4 yil hamda joriy yil 8 oyida tijorat banklari tomonidan 145,5 ming xonadonli 2 ming 986 ta ko‘p qavatli uy-joylarning qurilishi uchun pudrat tashkilotlariga jami 7,5 trillion so‘m miqdoridagi kreditlar ajratilgan.   

Ctatistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakuni bo‘yicha respublikada mavjud uy-joylarning soni 7 million 476 mingta, uy-xo‘jaliklari soni esa 7 million 258 mingtani tashkil etgan.   

Sh.Mamaturopova, O‘zA