French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
8 oy ichida voyaga yetmaganlar tomonidan 2 mingdan ziyod jinoyat sodir etilgan
11:26 / 2023-10-04

Jinoyatlarda 1424 nafar maktab o‘quvchisi ishtirok etgan.

Mamlakatimiz aholisining 40 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkichning o‘ziyoq mamlakatimizda yoshlar masalasi nechog‘li dolzarb ahamiyatga ega ekanidan darak.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti statistik ma’lumotlari bolalar va o‘smirlarda xulq og‘ishining kelib chiqishiga ta’sir ko‘rsatayotgan, shuningdek, ayni davrgacha sodir etilgan jinoyatlar soni kam emasligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, joriy yilning 8 oyida respublika hududlarida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va mahallalarda 105 ming 287 marotaba uchrashuvlar, davra suhbatlari va bevosita muloqotlar tashkil etilgan. 55 ming 137 nafar deviant xulq-atvordagi o‘quvchilarning xonadonlariga borilib, ota-onalari bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilgan, oilaviy sharoitlari o‘rganildi. Olib borilgan profilaktik tadbirlar natijasida 33 ming 17 nafarining xulqi ijobiy tomonga o‘zgarishiga erishilgan.

7 ming 476 nafar qarovsiz va nazoratsiz qolgan bolalar Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlariga joylashtirilgan. 5 ming 870 nafar o‘quvchi sport, 4 ming 275 nafari fakultativ, 941 nafari kichik biznes shoxobchalari, 1 ming 525 nafar o‘quvchi “Barkamol avlod” markazlariga jalb qilindi.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan muntazam ravishda “Jaholatga qarshi ma’rifat” tashabbusi bilan amaliy ishlar olib boriladi. Yo‘ldan adashgan o‘smirni to‘g‘ri yo‘lga solish, unga o‘z farzandimizdek muomala qilish muhim. Tabiiyki bir bolaning yo‘ldan adashishi, bu — nafaqat bir oila, balki butun mahalla, jamiyat tanazzuli. Bundan avvalo, uning ota-onasi, aka-ukalari, yaqinlari jabr ko‘radi, o‘zining hayoti butkul izdan chiqadi. Bunday paytda ularga yordam berish kerak.

Shu maqsadda 5 ming 242 nafar voyaga yetmaganlar ijobiy tomonga o‘zgargani inobatga olinib, ichki ishlar organlarining profilaktik hisobdan chiqarilgani ahamiyatga molikdir. Hududlarda voyaga yetmaganlar nazoratsizligi va huquqbuzarligining oldini olish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari, o‘quvchilarning darslarga o‘z vaqtida qatnashayotgani nazorat qilib borilgan.

Jumladan, 130 ming 55 marotaba “O‘quvchi”, “Davomat”, “Tig‘” va “Tungi reyd” profilaktik tadbirlari tashkil etilib, farzandiga ta’lim-tarbiya berish borasida majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan 62 ming 847 nafar ota-ona va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasiga asosan choralar ko‘rilgan.

Birgina “Tig‘” tadbirlari davomida 2 ming 265 nafar o‘quvchidan noqonuniy jismlar olinib, ota-onalari va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlangan.

Joriy yilning 8 oyida respublikamizda 2 ming 121 nafar voyaga yetmaganlar tomonidan 2 ming 24 ta jinoyat sodir etilgan. Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning 1 ming 424 holati maktablarda, 291 tasi akademik litsey va kasb-hunar ta’limi muassasalarida, 142 nafar ishlamasdan yurganlar (maktabni tamomlagan) hamda 264 holatda ishlaydigan voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgani tashvishli masaladir.

148 nafar shaxs voyaga yetmaganlarni g‘ayri ijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilgan bo‘lib, ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 188-moddasiga asosan choralar ko‘rilgan.

Afsuski, yoshlar o‘rtasida jinoyat sodir etish, diniy ekstremistik oqimlarga, terrorchi guruhlarga qo‘shilib qolish holatlari ham uchramoqda. 

Joriy yilning o‘tgan 8 oyi mobaynida dars vaqtida diniy muassasalar hududida bo‘lgan 470 nafar o‘quvchi dars mashg‘ulotlariga qaytarilib, ota-onalari va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan tegishli tartibda profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi, darslarni bir necha marotaba tark etganlar alohida nazoratga olingan.

Bunday dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha ishlarni oila, ta’lim muassasalari va mahalla faoliyati uyg‘unligida amalga oshirish ayni muddaodir.

Shuhrat Ne’matov, O‘zA