Mamlakatimizda ilm-fan sohasidagi iqtidorli xotin-qizlarning ilmiy loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, yaratiladigan intellektual loyihalarni chop ettirish, patentlashtirishga ko‘maklashish yo‘nalishida qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan Xotin-qizlarning ilm va innovatsiyalar forumida xotin-qizlarning ilmiy va innovatsion ishlanmalari taqdimoti o‘tkazildi.

Forumda 8 ta oliy ta’lim muassasasidan 160 nafarga yaqin talaba-qizlar, olima, prorektor ayollar ishtirok etdi. “Ayollar biznesiga birinchi qadam” tanlovining 7 nafar g‘olibi takdirlandi. O‘zlarining eng sara loyihalari bilan qatnashgan 8 nafar xotin-qiz Yoshlar akademiyasi a’zoligiga qabul qilindi. Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, bugungi kunda Yoshlar akademiyasining 3 ming 850 nafar a’zosi bo‘lib, ulardan 40 foizi, ya’ni 1 ming 540 nafari xotin-qizlardir.
Tadbirda qayd etilishicha, 2022 yilda umumiy qiymati 20,1 milliard so‘mlik 25 ta startap loyiha xotin-qizlar tomonidan amalga oshirilgan. Olima ayollar tomonidan umumiy 784 ta ilmiy loyiha kelib tushgan. Shuningdek, bugungi kunda umumiy qiymati 281,6 milliard so‘mlik 196 ta ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA