Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
8 nafar mahkum muddatidan oldin ozod qilindi
17:02 / 2020-08-27

Mamlakatimizda jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish, mahkumlarning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.


Mamlakatimizda jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish, mahkumlarning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Ularni axloqan tuzatish boʻyicha tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan Qashqadaryo viloyatida ham kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Hududlarda tashkil etilgan probatsiya xizmatlarining hududiy boʻlimlari tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda shartli hukm qilingan va jazoni oʻtash muddatidan oldin shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish, nazorat ostidagilar, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan voyaga yetmaganlarning ijtimoiy moslashuvi va ishga joylashishiga, shu jumladan, ularning kasbiy tayyorgarligi boʻyicha bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

– Hech kim jinoyatchi boʻlib tugʻilmaydi. Kutilmaganda: baʼzan bilib, baʼzan bilmasdan hayotning egri yoʻllariga kirib qoladi, –deydi Yakkabogʻ tumani IIB Probatsiya guruhi katta inspektori, podpolkovnik Nizom Qarshiyev. – Lekin bu bilan hammasi tamom degani emas. Har doim imkon topiladi. Inson borki adashadi. Maqsadimiz, probatsiya guruhida hisobda turib jazo muddatini oʻtayotgan, jazoni oʻtash davomida oʻzini ijobiy tomonlama namuna qilgan, maʼmuriy huquqbuzarlik, jinoyat sodir etmagan, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan, toʻliq tuzalish yoʻliga oʻtgan, ish joyidan, mahalladan ijobiy tavsiflangan, sogʻlom turmush tarzi kechirayotgan, jamiyatimizda olib borilayotgan oqilona siyosatni toʻgʻri tushunib yetgan, mehnatga halol munosabatda boʻlgan shaxslarni sogʻlom hayotga qaytarish. Ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash.

Jinoyat ishlari boʻyicha Yakkabogʻ tumani sudida ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan va tuman ichki ishlar boʻlimi probatsiya guruhi hisobida turgan 8 nafar mahkumga doir ish koʻrib chiqildi. Ular jazo muddatini oʻtash davrida oʻrnatilgan tartib-qoidalarga amal qilganligi va mehnatga halol munosabatda boʻlganligi sababli belgilangan jazodan muddatidan oldin ozod qilindi.

– Bugun men va oilam uchun quvonchli voqea boʻldi, – deydi Adham Xushvaqtov. – Boisi muddatidan oldin sud zalidan ozod qilindim. Menga berilgan bu imkoniyatning, albatta, qadriga yetaman. Bundan keyin jamiyatimiz rivojiga halol mehnat qilib, oʻz hissamni qoʻshaman. Hali yosh edim, bir anglashilmovchilik sabab jinoyatga aralashib qoldim. Lekin oʻtgan davr mobaynida oʻzimga tegishli xulosa chiqardim. Baʼzan peshonamga bitilgan bu tamgʻani yuzimga solishganda ich-ichimdan oʻksinardim. Ozodlikni nima ekanligini anglab yetdim. Tushundimki, notoʻgʻri yoʻldan ketayotgan ekanman. Erkinlikdagi hayotingiz qadriga yeting.

Jinoyat ishlari boʻyicha Yakkabogʻ tumani sudining hukmiga asosan axloq tuzatish jazosi tayinlangan “Obod” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Sarvar Qurbonov, ushbu sudning ajrimiga binoan oʻtalmay qolgan jazosi yengilrogʻiga almashtirilgan tumandagi Chaydali qishlogʻida yashovchi Sardor Oqboʻtayev vaqtincha ishsiz edi. Probatsiya guruhi tuman bandlikka koʻmaklashish markazi bilan hamkorlikda ularga ish topdi. Natijada, Sarvar Qurbonov tumandagi xususiy korxonaga, Sardor Oqboʻtayev esa fermer xoʻjaligiga ishga joylashdi.

Probatsiya xizmati tomonidan keng jamoatchilik bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan bu kabi profilaktik ishlar, xayrli tadbirlar nazorat ostidagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, jinoyatchilikni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.