Angliyaning Liverpul shahrida boks bo‘yicha davom etayotgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida 14 nafar o‘zbek bokschilari chorak finalda jang qildi va ulardan 8 nafari g‘olib bo‘lgan holda yarim finalga chiqdi. Natijada ushbu charm qo‘lqop ustalarimiz kamida bronza medallariga erishdi.
Chempionatning qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarida Feruza Kazakova -51 kg. vazn toifasida mo‘g‘ulistonlik Mungunsaran Balsanni, Navbahor Hamidova esa -65 kg. vaznda mezbon Sacha Hikkeyni mag‘lubiyatga uchratdi va yarim finalga chiqdi.

Erkaklar orasida 80 kilogramm vaznda Javohir Ummataliyev qozog‘istonlik Nurbek Oralbayni, To‘rabek Habibullayev -90 kg. vaznda qozog‘istonlik Sag‘indik Tog‘ambayni, Abdumalik Xalakov esa -60 kg. vazn toifasida boshqa bir qozog‘istonlik charm qo‘lqop ustasi Bibars Jeksenni dog‘da qoldirdi.

Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev esa qozog‘istonlik Ertug‘an Zeinulinovni 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Iqtidorli bokschimiz Fazliddin Erkinboyev -75 kg. vaznda belgiyalik Hamza Sririni yengdi. Fazliddin yarim finalda Ozarbayjon sharafini himoya qilayotgan asli o‘zbekistonlik Saidjamshid Jafarovga qarshi jang qiladigan bo‘ldi. Ushbu bahs 12 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, Jahongir Zokirov vazni 90 kilogrammdan ortiq bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari bahsida norvegiyalik Omar Shiha ustidan zafar quchdi va yarim finalda Xitoy sharafini himoya qilayotgan Danabike Baikuzi bilan to‘qnash keladigan bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 11 sentyabr kuni musobaqada dam olish kuni. 12 sentyabrdan bir necha vaznlarda chorak va yarim final bellashuvlari o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA