Dunyo aholisining 22,3 foizi – erkaklarning 40 foiziga yaqini va ayollarning 8 foizga yaqini tamaki chekadi. 13-15 yoshdagi o‘smirlarning taxminan 38 millioni – 25 million o‘g‘il bola, 13 million qiz orasida tamaki chekish odat tusiga kirgan. Eng dahshatlisi, chekish maqsadli ravishda orttirilgan odat hisoblanadi. Inson organizmi chekish uchun yaratilmagan. Birinchi marta tamaki chekishda organizm yo‘tal ko‘rinishida unga qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Ammo, biz baribir, bu zararni ichimizga tortishga harakat qilaveramiz.
Tamaki har yili dunyo bo‘yicha 8 millionga yaqin o‘lim holatini keltirib chiqaradi. Ulardan 7 milliondan ortig‘i tamaki chekuvchilariga va sobiq chekuvchilarga, 1,2 milliondan ko‘prog‘i esa ikkilamchi tamaki tutuni ta’sirida bo‘lganlarga to‘g‘ri keladi. Har yili 65 ming nafar bola ikkilamchi tamaki tutuni ta’siriga bog‘liq kasalliklardan nobud bo‘ladi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, pomidor yoki kartoshka kabi mahsulotlarda ham kam miqdorda nikotin bor. Biroq ular tarkibida shu qadar kamki, organizmga hech qanday zarar yetkazmaydi. Tamaki ishlab chiqarishda nikotin kuchli ta’sirga ega neyrozaharga aylanib, inson organizmi biologik komponentlarini buzishga qodirdir. Hech qanday bo‘rttirishsiz aytish mumkinki, nikotin, bu – narkotikdir.
«ChEKISH O‘LDIRADI»
Bu ibora dunyoning bir qator rivojlangan mamlakatlarida ishlab chiqariladigan nikotin mahsulotlarida yozilgan. Haqiqatdan ham, har yili o‘limi u yoki bu jihatdan nikotin iste’moli bilan bog‘liq 5 milliondan ziyod kishi vafot etadi.
13-15 yoshdagi maktab o‘quvchilari orasida 1,7 foizi o‘g‘il bolalar, hatto qizlar tamaki chekadi. O‘rganishlarga ko‘ra, o‘smirlar orasida 7,7 foizi – 10 foiz o‘g‘il bolalar, 5,2 foiz qizlar hayotida bir marta bo‘lsa ham chekib ko‘rgan. Oxirgi yillarda yoshlar orasida «zamonaviy» tamaki va nikotin mahsulotlarini (elektron sigareta, tamakini qizdirish tizimi, nikotinli va tamakili snyus) chekish sur’ati o‘sib bormoqda.
Mamlakatimiz aholisining (18-69 yoshdagi) 16,5 foizi, (erkaklarning 32,9 foizi, ayollarning 0,8 foizi) tamaki chekadi. O‘zbekiston aholisi orasida tutunli va tutunsiz tamaki chekish urf bo‘lgan. Xususan, aholining 9,4 foizi tamaki chekadi. Chekiladigan tutunli tamaki mahsulotlari orasida sigareta asosiy o‘rinda turadi, ya’ni undan 86 foiz chekuvchilar foydalanadi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, maktab va jamoat joylarida o‘tkazilgan reydlar davomida maktab o‘quvchilarining yonlaridan tamaki mahsulotlarini topish yildan-yilga oshib bormoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbari Mirzag‘olib Tillashayxov tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, nikotin organizmdagi metabolik jarayonga xalaqit beruvchi, miya faoliyati va fiziologik funksiyalariga ta’sir qiluvchi alkogol va boshqa psixoaktiv moddalar kabi odamni o‘ziga o‘rgatib qo‘yadi. Shu tarzda tamakiga jismoniy bog‘liqlik shakllanadi. Doimiy nikotin oqimiga o‘rganib qolgan odam tamakidan foydalanishni to‘xtatsa, tashvish va xavotirga tushib qoladi. Bora-bora chekishga bo‘lgan ehtiyoj ovqatlanishga bo‘lgan ehtiyoj bilan tenglashib qoladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, chekish ta’siri ostida 25 dan ortiq kasallik (yurak-qon tomir, o‘pka va saraton)larning organizmda rivojlanishi kuchayadi. Tibbiy tadqiqotlar bo‘yicha Britaniya Kengashi olimlarining ko‘p yillik izlanishlari xulosalarida o‘pka saratoni va miokard infarktining chekish bilan bog‘liqligi haqida jiddiy ilmiy dalillar keltirilgan. Yurak ishemik kasalligi va insultdan o‘lim holatlarining 70 foizi chekuvchi va spirtli ichimliklar ichuvchi odamlarga to‘g‘ri keladi. Statistik ma’lumotlar har bir chekuvchi odam o‘z hayotini 18 yilga qisqartirishini ko‘rsatadi.
Tamaki chekish orqali har yili dunyoda 8 milliondan ortiq inson vafot etadi, deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti, tibbiyot fanlari nomzodi Shuhrat Shukurov. — Tamaki tutunidagi zaharli moddalar salomatlikka salbiy ta’sir etib, nafas yo‘llarining shilliq qavati va qon tomirlar yallig‘lanishi, sklerotik o‘zgarishlar hamda xavfli o‘smalar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, chekishning o‘pkaga zararli ta’siri o‘z isbotini topgan haqiqat.
bugungi kunda organizmga zararsiz, deya aytilayotgan elektron sigaretalar (veyplar) aksincha salomatlik uchun o‘ta xavfli mahsulot bo‘lib, inson tanasida turli jiddiy kasalliklarni keltirib chiqaradi. Ya’ni, elektron sigaretani chekish jarayonida nikotin, xushbo‘y hid taratuvchi, shirin ta’m beruvchi va boshqa kimyoviy moddalar organizmga zararli ta’sir etadi. Qolaversa, elektron sigaretani (veyp) chekish xuddi odatiy sigaretalar kabi o‘pka, yurak qon-tomir tizimi kasalliklariga, immunitet sustlashishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, bu mahsulot markaziy asab tizimiga salbiy ta’sir etib, chekuvchida qaramlikni keltirib chiqaradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, chekuvchilarning 5,3 foizi chilim, 2,4 foizi tamakini qizdirish tizimidan foydalanadi. Shuningdek, aholining 9,9 foizi erkaklarning 20 foizi, ayollarning 0,4 foizi tutunsiz tamaki chekadi. Tutunsiz tamaki chekuvchilarning 89 foizi nosvoy chekadi. Voyaga yetmaganlar yonidan topilgan tamaki mahsulotlarining aksariyatini nikotinli (59 foiz) va tamakili snyuslar (18,8 foiz), so‘ngra elektron sigaretalar (8,5 foiz), oddiy sigaretalar (7,7 foiz), nosvoy (4,4 foiz) va tamakini qizdirish tizimi (1,5 foiz) tashkil etgan.
O‘zbekistonda har kuni tamaki iste’mol qiladiganlarning 1,74 milliondan ortig‘iga tamaki chekish bilan bog‘liq barvaqt o‘lim xavf soladi.
Joriy yilning 13 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma yettinchi Yalpi majlisida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2021 yil 21 dekabrda qabul qilingan «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ko‘rib chiqilgan edi.
7 iyunda qabul qilingan «Reklama to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunda esa tabiiy va ko‘piklanadigan vinolar bilan birga pivoni cheklangan tarzda reklama qilishga ruxsat berilgan bo‘lib, ko‘rib chiqilayotgan qonunda pivo reklamasini to‘liq taqiqlash ko‘zda tutilgan edi. Ushbu nomuvofiqlikni hamda qator juz’iy kamchiliklarni bartaraf etish uchun qonun Qonunchilik palatasiga qaytarilgan. Ayni vaqtda quyi palata tomonidan Kelishuv komissiyasi tuzilib, qonun Senatning takliflari asosida qayta ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, 2022 yil 9 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik Palatasining navbatdagi Yalpi yig‘ilishida qonun bo‘yicha kelishuv komissiyasining xulosasi ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Mazkur qonunning qabul qilinishi yoshlarni, millat genofondini tamaki mahsulotlaridan, ayniqsa yangi turdagi mahsulotlardan himoya qilishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA