Energiya resurslari, ayniqsa, tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish hamda energiya o‘g‘irliklariga qarshi kurashish dolzarb masalalardan biri bo‘lib, bu borada katta ishlar olib borilmoqda.
O‘tkazilgan tadbirlar davomida jami 68 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ularning 13 tasi tabiiy gaz, 55 tasi esa elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq. Tergov natijalariga ko‘ra, 32 nafar xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar mansabdor shaxslari va 23 nafar jismoniy shaxslar jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortilib, aybdor shaxslardan jami 8 milliard 646 million so‘m moddiy zarar undirilgan.
Misol uchun, Buxoro shahar Piridastgir ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyning yerto‘lasida F.R. o‘zboshimchalik bilan elektr ta’minotiga ulanib, 2023 yil 18 dekabrdan 2024 yil 19 sentyabr kuniga qadar “Antiminer” rusumli mayning qurilmasi va uni sovitish uchun mo‘ljallangan konditsionerdan noqonuniy foydalangan. Buning natijasida Buxoro shahar elektr ta’minoti korxonasiga 44 million 300 ming so‘mlik zarar yetkazilgan.
Fuqaroga nisbatan jinoyat bo‘yicha Buxoro shahar sudi hukm chiqarib, jazo muqarrarligi ta’minlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri