FOTOREPORTAJ
An’analarni qayta tiklayotgan hunarmand
Nukus shahrining Aq jag‘is mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Biybisora Kunnazarova xalq amaliy san’ati va unutilib borayotgan hunarmandchilikni qayta tiklash hamda rivojlantirish yo‘nalishida faoliyat olib boradi.
U asosan qoraqalpoq xalq milliy o‘tovi (qora uy)ni yasash bilan shug‘ullanadi va uni bezashda qo‘llaniladigan “Oq qur”, “Qizil qur”, “Oq basqur”, “Qizil basqur”, “Dizbe” va “Izbe” kabi buyumlarni tayyorlaydi. Biybisora opa o‘z hunarini buvisi va onasidan bolaligidan o‘rganganini ta’kidlaydi.
Hozirda 70 yoshda bo‘lgan Biybisora opa izlanishdan va milliy qo‘l hunarmandchiligi mahsulotlarini yasashdan charchamaydi. San’atshunoslar uning buyumlaridagi o‘ziga xoslik, an’anaviy naqshlar va badiiy detallarni yuqori baholashadi.
[gallery-28026]
Hunarmand respublika va xalqaro ko‘rgazmalar, festival va ko‘rik-tanlovlarda ham faol ishtirok etadi. 2024-yil dekabr oyida o‘tkazilgan “E’tibor-2024” tanlovida u “Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, 2025-yil 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA