Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun
15:04 / 2021-12-07

Konstitutsiya ─ har qanday davlatning yuzi!

Ilk davlatlar paydo bo‘lgan davrlarda davlat va shaxs o‘rtasidagi munosabatlarda davlatning manfaati ustun bo‘lishi muayyan vaqtgacha mavjud bo‘lgan va bu o‘z navbatida aholi orasida norozilikni keltirib chiqargan.

Asrlar o‘tishi bilan insonlarning huquq va erkinliklarini alohida qonunlar doirasida mustahkamlash va muhofazalash zarurati vujudga kela boshlagan. Shu tariqa asosiy qonun sifatida Konstitutsiya paydo bo‘la boshlagan. Eng dastlabki Konstitutsiya 1787 yilda o‘rnatilgan AQSHning Asosiy qonuni ─ Konstitutsiyasi hisoblanadi.  

Konstitutsiya davlatning yuzi, inson huquq va erkinliklarining asosiy kafolati hisoblanadi. Chunki, unda davlatning qonunchilik, ijro, sud hokimiyatini tashkil etish tartibi, xalq manfaati, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda jamiyatning boshqa tuzilmalari va davlat o‘rtasidagi munosabatlar tamoyillari va tartibi o‘z ifodasini topadi. Shuningdek, u xalqning irodasi, ruhiyati, madaniyati va ijtimoiy ongini yaqqol namoyon etadi. Unda davlatning tarixiy taraqqiyot tajribasi, milliy qadriyatlar, xalqning ma’naviy va axloqiy turmush tarzi o‘z aksini topadi.  

Asosiy qonun loyihasini ishlab chiqish nihoyatda murakkab jarayon hisoblanadi. Sababi u muayyan davlat xalqining irodasi va tafakkurini o‘zida ifoda etadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini ishlab chiqish tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Konstitutsiya loyihasini ishlab chiqish bir necha murakkab bosqichlarni bosib o‘tgan. Yurtimiz Konstitutsiyasi loyihasini ishlab chiqish g‘oyasi mustaqillik e’lon qilingunga qadar bo‘lgan davrdayoq mavjud bo‘lgan. Asosiy qomusimizning muqaddimasida ta’kidlanganidan, u o‘zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayangan. Konstitutsiya loyihasi soha mutaxassislari va ekspertlarining bir necha bosqichli muhokamasidan o‘tgandan so‘ng umumxalq muhokamasiga taqdim etilgan. Dastlab, Konstitutsiya loyihasi 1992-yil 26-sentabrda ommaviy axborot vositalari orqali umumxalq muhokamasiga e’lon qilingan. Shundan so‘ng Konstitutsiya loyihasi qayta ishlanib 1992-yil 21-noyabrda ikkinchi bor umumxalq muhokamasiga taqdim etilgan hamda kelib tushgan taklif va mulohazalar asosida loyiha yanada takomillashtirilgan.  

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992 yil 8 dekabrda Oliy Kengashning XII chaqiriq XI sessiyasida qabul qilingan. U muqaddima, 6 bo‘lim, 26 bob, 128 moddadan iborat.  

Konstitutsiya davlatning asosiy qonuni bo‘lganligi sababli u o‘ziga xos tuzilishga ega. Shu jihatdan dastlab “Asosiy prinsiplar”ning ya’ni “Davlat suvereniteti”, “Xalq hokimiyatchiligi”, “Konstitutsiya va qonunning ustunligi” hamda “Tashqi siyosat” boblari orqali tegishli normalarning mustahkamlanishi juda katta ahamiyatga ega.

Bu yerda davlat hokimiyatining yagona manbai sifatida xalq maydonga chiqmoqda. Bundan tashqari, Konstitutsiyada fuqarolarning qonun oldida tengligi, qonuniy huquq va erkinliklarning daxlsizligi, davlat va fuqarolarning bir-biriga nisbatan bo‘lgan huquqlari va burchlari o‘zaro bog‘liqligi, jamiyatning iqtisodiy negizlari, mamlakatimizning ma’muriy-hududiy tuzilishi hamda davlat hokimiyatining tuzilishi kabi muhim masalalar belgilangan.

Shuni ta’kidlash joizki, Konstitutsiyamiz faxrimiz hamda jamiyatimizning mustahkam huquqiy kafolatidir.

Asal Jo‘rayeva, 
Toshkent davlat yuridik universiteti 
“Ma’muriy va moliya huquqi” kafedrasi o‘qituvchisi
O‘zA