Fuqaroni qiynayotgan huquqiy muammo o‘z vaqtida hal etilsa, ishonch mustahkamlanadi. Ana shu tamoyil Sirdaryo viloyati adliya organlari faoliyatining asosiy mezoniga aylandi. 2025 yil davomida aholi murojaatlari bilan ishlashda qonun ustuvorligi va inson manfaatlari ustuvor qo‘yilib, aniq va amaliy natijalarga erishildi.
Eng muhimi, ana shu ishlar, samarasi o‘laroq Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi hamda tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan aholi o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan 30 mingdan ortiq huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Bu tadbirlar fuqarolarni qonunlarga yaqinlashtirish, ularning huquq va majburiyatlari haqidagi tasavvurini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Prezidentning 2024 yil 24 mayda qabul qilingan “Aholining huquqiy ongini yuksaltirish va davlat xizmatlari sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida adliya organlari va hamkor tashkilotlar mutaxassislari tomonidan uyma-uy o‘rganish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Xonadonlarga chiqib o‘rganish natijasida jami 78 ming 407 ta huquqiy muammo aniqlandi. E’tiborlisi, mazkur muammolarning barchasi sohaviy mutaxassislar ishtirokida joyida yoki qisqa muddatlarda hal etildi. Bu esa qonunning qog‘ozda emas, amalda ishlayotganining yaqqol isbotidir.

Bu jarayonda fuqarolarning mehnat, ijtimoiy ta’minot, oilaviy munosabatlar, mulk va tadbirkorlikka oid murojaatlari qonun asosida ko‘rib chiqildi. Har bir murojaat ortida inson taqdiri turgani inobatga olinib, aniq yechimlar taklif etildi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida ham o‘sish sur’atlari kuzatildi. Xususan, 2025 yil davomida Sirdaryo viloyatidagi davlat xizmatlari markazlari orqali 507 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 274 mingtaga ko‘p bo‘lib, aholining davlat xizmatlariga bo‘lgan ishonchi va talabining oshib borayotganini ko‘rsatadi.

Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, xizmatlar samaradorligini oshirish hamda raqamli yechimlarni keng joriy etish adliya organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu orqali nafaqat mavjud muammolar hal etilmoqda, balki ularning oldini olishga qaratilgan tizimli yondashuv ham shakllanmoqda.
Mazkur natijalar Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Tadbirda 2025 yil yakunlari sarhisob qilinib, 2026 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ta’kidlanganidek, kelgusida ham aholiga sifatli huquqiy va davlat xizmatlari ko‘rsatish, murojaatlarni o‘z vaqtida hal etish hamda qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi. Bu esa adliya tizimiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri