Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri maslahatchisi Ziyoda Ahmedova ma’lum qildi.
Unda qayd etilishicha, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi.
Xususan, vazirlikda ish yuritish to‘liq davlat tiliga o‘tkazilib, hujjatlarni rasmiylashtirish va aylanishi bo‘yicha yagona yondashuv joriy qilindi. Shuningdek, barcha buyruqlar, hisobotlar va yo‘riqnomalar amaldagi qonunchilikka muvofiq o‘zbek tilida tayyorlanmoqda. Xodimlarning davlat tilida ish yuritish mahoratini oshirish uchun maxsus o‘quv kurslari va treninglar tashkil etilayotir.
Vazirlik sohasi doirasida o‘zbek ilmiy terminologiyasini rivojlantirish maqsadida ilmiy maqolalar va monografiyalar nashr etilib, aholiga geologiya sohasidagi tadqiqotlarning ahamiyati haqida axborotlar o‘zbek tilida taqdim etilmoqda. Shuningdek, vazirlikning barcha rasmiy manbalari va dasturiy ta’minot vositalari ham davlat tilida ishlamoqda.
–Muhim yo‘nalishlardan biri sifatida geografik ob’ektlar, jumladan, konlarning nomlarini davlat tili talablariga muvofiqlashtirish ishlari amalga oshirildi. Konlarning nomlari hudud tarixi, joylashuv xususiyatlari va xomashyo turiga qarab qayta ko‘rib chiqildi. Bu ishlar O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi va “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi qonunlari talablariga muvofiq olib borildi. Mazkur jarayon natijasida 764 ta geografik ob’ektning nomlari davlat tili qoidalariga muvofiqlashtirildi. Ular Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan rasman tasdiqlandi. Endi rasmiy hujjatlar va yozishmalarda faqat tasdiqlangan nomlardan foydalaniladi, –dedi Z.Ahmedova.
Tadbirda tegishli ma’lumotlar bazasi va hujjatlarga o‘zgartish kiritish ishlari ham davom ettirilayotgani ta’kidlandi. Unga asosan mazkur sa’y-harakatlar nafaqat o‘zbek tilini geologiya sohasida targ‘ib qilish, balki uning mutaxassislik yo‘nalishlarida rivojlanishiga ham katta hissa qo‘shadi. Davlat tilini hayotga tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan bu ishlar milliy qadriyatlarimizni yanada mustahkamlash va o‘zbek tilining nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA