75 talabaning shartnoma pulining 35 foizi toʻlab beriladi
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan Toshkent viloyatida 75 nafar faol talabaga toʻlov-shartnoma pulining 35 foizi toʻlab beriladi.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan Toshkent viloyatida 75 nafar faol talabaga toʻlov-shartnoma pulining 35 foizi toʻlab beriladi.
Chirchiq shahar Yoshlar markazida ana shunday imtiyozga ega boʻlgan talabalarga sertifikat topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati kengashi, viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari masʼullari, sertifikatlarni olishga muyassar boʻlgan talaba-yoshlar, ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2017 yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi farmonida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida 2017 yildan boshlab oliy taʼlim muassasalarining aʼlochi va faol talabalariga bir yillik toʻlov-shartnoma pulining 35 foizi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan toʻlab kelinmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, joriy oʻquv yilida Toshkent viloyatda joylashgan oliy taʼlim muassasalarining 290 nafar talabasi Yoshlar ittifoqining 35 foizlik imtiyoziga ega boʻlish uchun hujjat topshirgan. Hujjat topshirgan talabalarning 75 nafariga jami 229 million 770 ming 742 soʻm miqdoridagi toʻlov-shartnoma pullari toʻlab beriladi.
Talabalarga ushbu imtiyozlar berilishida ularning tashkilot tizimida amalga oshirgan ishlari, faolligi, jamiyat rivojiga qoʻshayotgan hissasi inobatga olindi.