Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
744 ta geologik-texnik chora-tadbirni o‘z ichiga olgan “Makro invest dastur”i ishlab chiqildi
17:39 / 2023-01-26

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini 32,8 milliard metr kubga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu rejalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan.

«O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Siyovush Hoshimov joriy yilda tabiiy gaz qazib chiqarishni oshirish va geologik-texnik chora-tadbirlar haqida O‘zA muxbiriga atroflicha ma’lumot berdi.

– Belgilangan topshiriqlar asosida “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi uglevodorod konlarini samarali va maqsadli ishlatish, ulardan tabiiy gaz va suyuq uglevodorod xomashyosi qazib chiqarishni oshirish hamda mavjud quduqlarning bir maromda ishlatilishini ta’minlash bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi, – dedi S. Hoshimov. – Ushbu tadbirlar doirasida dunyoning yetakchi neft servis kompaniyasi “Schlumberger” bilan birganlikda jahon tajribasi asosida 2023 yil uchun umumiy qiymati 5,7 trillion so‘mga teng bo‘lgan 744 ta geologik-texnik chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Makro invest dastur” ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, 111 ta yangi quduqni burg‘ilash, 608 ta quduqda kapital ta’mir hamda intensifikatsiya ishlari va 25 ta texnologik ob’ektni qurib ishga tushirish rejalashtirilgan. Xususan, Buxoro-Xiva va Farg‘ona neftgazli mintaqalaridagi 4 ming metrgacha bo‘lgan chuqurliklarda joylashgan neogen, paleogen, bo‘r va yura davri yotqiziqlaridan uglevodorod xomashyosini qazib olish uchun jami 83 ta yangi quduqni burg‘ilash, 541 ta quduqda kapital ta’mirlash hamda intensifikatsiya ishlari va 20 ta texnologik ob’ektlar, shuningdek, Ustyurt neftgazli mintaqasidagi chuqur yura davri yotqiziqlarida joylashgan uglevodorod xomashyosini qazib olish uchun jami 28 ta yangi quduqni burg‘ilash, 67 ta quduqda murakkab turdagi kapital ta’mirlash hamda intensifikatsiya ishlari va 5 ta texnologik ob’ekt qurib ishga tushiriladi.

Konlarda gaz qazib chiqarish barqarorligini ta’minlash hamda gaz zaxiralarini maksimal darajada o‘zlashtirish maqsadida 10 ta siquv kompressor stansiyalarini qurib ishga tushirish mo‘ljallangan. "Kukdumaloq" va "Zevarda" konlaridagi gaz siquv kompressor stansiyalarida modernizatsiya ishlarini bajarish va SPCHlarni almashtirish hamda siquv kompressor stansiyalarining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida ishlab chiqaruvchilar bilan shartnomalar tuzish orqali 35 ta gaz turbinali dvigatellarni kapital ta’miralsh ishlari olib boriladi.

"Sho‘rtan", "Tegirmon" va "Arslon" konlarida gazning dastlabki tayyorlash qurilmalarini qurib ishga tushirish, shuningdek konlarda gaz siqilishining oldini olish, o‘tkazuvchanligini oshirish maqsadida 192 km. har xil turdagi gaz quvurlari quriladi.

bugungi kunda dunyoning ilg‘or kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy 30 ta burg‘ilash va 37 ta kapital ta’mirlash stanoklari pudradchilar orqali jalb qilingan. Uglevodorod konlaridagi past bosimdagi qoldiq zaxirani qazib olish maqsadida kichik kompressor stansiyalarni yetkazib kelish va ularni o‘rnatish bo‘yicha ishlab chiqaruvchilar bilan jadal sur’atlarda muzokaralar olib borilmoqda.

Qazib chiqarish chora-tadbirlarni amalga oshirishda geologik-texnologik risklarni kamaytirish maqsadida 2023 yilda yangi ochiladigan barcha konlarning geologik modeli, 28 ta konning gidrodinamik modeli va 40 ta konning tarmoq modellari, 8 ta konning integral modellarini tuzish ishlari hamda 2020-2022 yillarda ishlab chiqilgan 19 ta konning geologik modeli, 65 ta konning gidrodinamik modeli va 40 ta tarmoq modellarini yangi burg‘ilangan quduqlar ma’lumotlari asosida yangilash ishlari amalga oshiriladi.

Dastur doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi barcha konlar, jumladan, tajriba sanoat usulida ishlatilayotgan konlarning holati “Schlumberger” kompaniyasi bilan tahlil qilib borish orqali samarasidan kelib chiqib, tavsiyalariga asosan o‘zgartirish kiritib borilmoqda.

Shu bilan birga, bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biri hisoblangan energiya samaradorligini oshirish yo‘nalishida ham ishlar tashkil etilgan. “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi boshqarma va korxonalar kesimida 2023 yil uchun energiya resurslarni tejash maqsadida energiya tejovchi moslamalarni o‘rnatish (18 ta), elektr qurilmalari ish rejimlarini optimallashtirish (7 ta) va qayta tiklanuvchi elektr manbalarini o‘rnatish (31 ta) bilan bog‘liq jami 56 ta tashkiliy texnik tadbirlar ishlab chiqilgan.
 

Muqobil energiya manbalarini joriy qilish bo‘yicha turli quvvatlardagi jami quvvati 801 kVt bo‘lgan 25 ta quyosh fotoelektr stansiyasi, turli sig‘imdagi jami sig‘imi 3800 litr bo‘lgan 20 ta quyosh suv qizdirgichi va 10,5 kVt bo‘lgan 70 ta quyosh panelli ko‘cha yoritish chiroqlari o‘rnatiladi.

Joriy yilda ko‘zlangan rejalarga erishish uchun “O‘zbekneftgaz” AJ barcha imkoniyatlardan keng foydalanilgan holda moliyaviy mablag‘lar bilan ta’minlash maqsadida barcha choralar ko‘riladi.

Nasiba ZIYODULLAEVA

yozib oldi, O‘zA