2025 yil davomida Raqobat qo‘mitasiga elektron tijorat sohasi bo‘yicha 3 100 ga yaqin murojaat kelib tushdi. Murojaatlar asosida olib borilgan ishlar natijasida 7,3 mlrd. so‘m mablag‘ fuqarolar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, e’tirozlarning asosiy qismi quyidagi tashkilotlar hissasiga to‘g‘ri kelgan:
Uzum Market – 851 ta, Uzum Nasiya – 842 ta, Yandeks – 329 ta, Texnomart – 168 ta, Ishonch – 166 ta, Alif Shop – 150 ta, Uzum Tezkor – 115 ta, Openshop.uz – 56 ta, ZoodMall – 54 ta, IDEA – 46 ta.
O‘rganishlar davomida shartnoma shartlari, kafolat muddatidagi servis xizmatlari, nuqsonli tovarlarni almashtirish, reklamalarda noto‘g‘ri ma’lumot berish, to‘lov va yetkazib berish xizmatlari bilan bog‘liq qator qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Ko‘rilgan choralar natijasida murojaatlarning 84,8 foizida iste’molchilar huquqlari tiklandi. Huquqlari buzilgani aniqlangan 9,6 ming nafar fuqaroga jami 7,3 mlrd. so‘m miqdorida zarar qayta hisoblab berildi.
Raqobat qo‘mitasi elektron tijorat sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ishlar davom ettirilishini ma’lum qildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA