Raqobat qo‘mitasi respublikamizning hududlar kesimida maxsus axborot portalidagi ma’lumotlar va murojaatlarga asosan davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan xaridlarda qonun talablariga rioya qilingani yuzasidan muntazam ravishda monitoring olib bormoqda.
Jumladan, Jondor tuman tibbiyot birlashmasining 210 million so‘mlik, Farg‘ona viloyati, Quva tuman tibbiyot birlashmasining 2 ta 340 million so‘mlik,
Bekobod shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining 283 million so‘mga yaqin eng yaxshi takliflarni tanlash savdolarida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga rioya qilinmagani, ya’ni savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangan.
Shuningdek, tahlil qilingan davlat xaridlarida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi.
Raqobat qo‘mitasining o‘rganish natijalariga ko‘ra, yuqoridagi qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida buyurtmachilar tomonidan tanlov savdolari ixtiyoriy ravishda bekor qilingan.
N.Rahmonova,
O‘zA