Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
700 nafarga yaqin soʻxlik yoshlar oliy oʻquv yurtiga hujjat topshirdi
12:38 / 2020-07-08

Fargʻona viloyatining Soʻx tumanida keyingi yillarda turli sohalarda oliy maʼlumotli mutaxassislarga ehtiyoj sezilmoqda.


Fargʻona viloyatining Soʻx tumanida keyingi yillarda turli sohalarda oliy maʼlumotli mutaxassislarga ehtiyoj sezilmoqda.

Birgina umumtaʼlim maktablarida 18 nafar oʻqituvchi yetishmaydi. Shuningdek, tibbiyot, moliya, maktabgacha taʼlim kabi tizimlarda ham malakali kadrlar juda kam.

Ayni kunlarda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan dastur doirasida mazkur muammoning yechimiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 12-iyundagi 2020/2021 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisidagi qarori asosida soʻxlik yoshlar uchun qoʻshimcha davlat granti asosida 500 ta oʻringa maqsadli qabul parametrlari ajratilishi katta imkoniyat boʻldi.

photo_2020-07-08_12-36-59.jpg

Mazkur oʻquv yilida tumandagi umumtaʼlim maktablarining 11-sinfini 955 nafar yigit-qiz tamomladi. Eʼtiborli jihati, 21 nafar oʻquvchi oltin, 32 nafar oʻquvchi kumush medallar sohibi boʻldi. 9-sinf oʻquvchilaridan 151 nafari aʼlo darajali shahodatnoma bilan maktabni bitirdi.

– Qunt bilan oʻqigan inson albatta, oʻz orzu va maqsadiga erishadi, –deydi 7-umumtaʼlim maktabi bitiruvchisi, oltin medal sohibi Atoxon Bahodirxonov. 

– Maktabda olgan bilimlarimiz davlatimiz tomonidan yuqori baholanganidan faxrlanamiz. Fargʻona davlat universitetining pedagogika yoʻnalishiga hujjat topshirdim. Yaxshi mutaxassis boʻlib, tumanimizning rivojlanishi uchun oʻz hissamni qoʻshish niyatidaman.

Soʻx tumani davlat xizmatlari markazi orqali oliy taʼlim muassasalariga test sinovlarida ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtkazishga ruxsat berilgani ham katta qulaylik boʻldi. Ayni kunlarda abituriyentlardan oliy taʼlim muassasalariga hujjatlar qabul qilinayotgan boʻlib, bu yerda barcha sharoit yaratilgan. Maʼlumotlarga qaraganda, bugunga qadar 700 ga yaqin hujjat qabul qilingan.