Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“70-yildan beri pilla boqib kam bo‘lmadim”
17:14 / 2024-05-07

Buxoro viloyati Olot tumanida ipak qurti boqib, pilla yetishtirayotgan va daromad olayotgan yurtdoshlarimiz ko‘p. Ayni kunlarda tumanning “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Barnogul aya Choriyeva ham oila a’zolari bilan birgalikda 2 quti ipak qurtini parvarishlab, pilla yetishtirmoqda.

Pillakorning joriy yil 20-aprel kuni olgan ipak qurti shu kunga qadar to‘rtinchi uyquga kirdi va ipak o‘ray boshladi.  

– Ipak qurti boqish juda katta mehnat hamda mas’uliyat talab qilib, parvarishlashga ko‘p qo‘l kuchi kerak bo‘ladi, – deydi Barnogul aya. – Farzandlarim, kelinlarim, nabiralarim bilan birgalikda ushbu mashaqqatli ishning uddasidan chiqyapmiz. Har yili rejadagi pillani ortig‘i bilan topshiramiz. Bu yilgi hosildan ham umidimiz katta. Bir yillik unimizni bir quti pillamizning daromadidan olamiz. Dasturxon butlash harakatga qaraydi, bolalarim qo‘llari qadoq bo‘lsa ham ayvonda yangi mashina, dasturxoni noz-u ne’matga to‘la. Darhaqiqat to‘qlik mehnat demakdir. Pillachilikning sir- asrorlari bizga ota-onalarimizdan qolgan. 82 yoshdaman. 70-yildan beri pilla boqib farzandlarimning kam-u ko‘stini to‘ldirib kelyapman. Qo‘shimcha ish hech qachon zarar qilmaydi. Tutzorni ham bo‘sh qo‘ymaymiz, tutlar bilan bir qatorda qator oralariga ham mahsulot ekib yetishtiramiz.

Pilla – bu daromad manbai. Hozirgi kunda bir quti ipak qurti boqqan oila 10 million so‘mga yaqin daromad olishga imkoniyati bo‘ladi. Bundan tashqari, pilla rejasini bajargan kam daromadli oilalarga Bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan 1 quti ipak qurti parvarishlagani uchun pilla yetishtirishdan olingan daromaddan tashqari 500 ming so‘mdan qo‘shimcha haq olishi belgilangan. “Agropilla” MCHJ tomonidan 1 quti ipak qurti parvarishlagan boquvchilarga pilla yetishtirish oldidan 500 ming so‘mdan haq to‘lanmoqda.  

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri