O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonuni va undagi yangiliklarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mazkur qonunni qabul qilish zaruriyatining kelib chiqishiga quyidagilar sabab bo‘lgan.
Birinchidan, 1998 yilda qabul qilingan “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun mehnat bozorining hozirgi holatini aks ettirmaydi. Chunki, so‘nggi 22 yil ichida O‘zbekiston mehnat bozorida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi, xususan, ish bilan band bo‘lganlar soni 1,5 baravarga (8,8 milliondan 13,5 milliongacha kishi), ish beruvchilar soni 4,5 baravarga (203,2 mingdan 928,9 minggacha) ko‘paydi.
Ikkinchidan, qonunning avvalgi tahriri to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi hisoblanmaydi va hozirgi sharoitlarda samarasiz bo‘lgan eskirgan norma va qoidalarni o‘z ichiga olgan.
Uchinchidan, mehnat bozorini tartibga solishning yangi instrumentlari, xususan, tadbirkorlikni rag‘batlantirish, o‘zini o‘zi band qilish, ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish, malakasini oshirish, ish stajini hisobga olishda axborot tizimlaridan foydalanish kabilar aks ettirilmagan.
Qonunda aholi bandligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, xususan, sohada kompleks yondashish maqsadida barcha davlat organlari va tashkilotlarning vazifalari, jumladan, birinchi marotaba Vazirlar Mahkamasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, ishga joylashtirish bo‘yicha agentliklar hamda autstaffing xizmatlarini ko‘rsatuvchi ish beruvchilarning sohadagi vazifalari belgilanmoqda.
Mahalliy mehnat organlariga murojaat etgan ish qidirayotgan va ishsiz shaxslarga ko‘rsatiladigan xizmatlar turlari 7 tadan 16 taga ko‘paymoqda. Buning natijasida mehnat organlariga 1 yilda 1 millionga yaqin murojaatlar bo‘lishi kutilmoqda. Bunda, vakant ish o‘rinlarining sifatini oshirish orqali murojaat qilganlarning 800 mingga yaqini ishga joylashtiriladi hamda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan kamida 30 ming nafariga subsidiyalar ajratiladi, 80 mingga yaqini kasbga o‘qitiladi. Shu bilan birga, ish qidirayotgan shaxslarni mehnat organlari tomonidan ro‘yxatga olish va hisobdan chiqarish, ishga joylashtirish, ularga va ish beruvchilarga subsidiya, grantlar va kredit liniyalari ajratish, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomini olish tartiblari belgilangan.
Matbuot anjumanida qonun kuchga kirishi bilan ishsizlik nafaqasini to‘lash tartibi ham o‘zgarishi ta’kidlandi. Agarda avval ishsizlik nafaqasi ilgari ishlamagan va birinchi bor ish qidirayotganlarga 12 oylik davr mobaynida faqat 13 hafta to‘langan bo‘lsa, endilikda ishsizlik nafaqasi barcha toifadagi ishsiz shaxslarga 12 oylik davr ichida 26 kalendar hafta davomida to‘lanishi belgilanmoqda.
– Mazkur choralar natijasida ishsizlar ish qidirish davrida moddiy qo‘llab-quvvatlanadi va 80 mingga yaqin ishsizlarga nafaqalar tayinlanadi, – deydi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov. – Ish qidirayotgan va ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi ham takomillashtirildi. Bu borada davlat buyurtmasi shakllantirilib, uning parametrlari, grantlarining turlari va miqdorlari tasdiqlanadi.Bundan tashqari, kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida ishsiz shaxslarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining hisobidan 26 kalendar haftagacha muddatga turli miqdorlarda stipendiya to‘lanishi belgilanmoqda. Kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha davlat buyurtmasini shakllantirish mexanizmini joriy etish orqali 70 mingga yaqin fuqarolar kasbga tayyorlanadi va bandligi ta’minlanadi.
Matbuot anjumanida mazkur qonun bilan vatandoshlarimizning respublikadan tashqaridagi mehnat faoliyati tartibga solinayotgani qayd etildi. Jumladan, qonunda ularning mehnat faoliyatiga doir huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan fuqarolarni ishga joylashtirish sohasida ko‘rsatiladigan xizmatlar, yuridik shaxslarning chet elga chiqib ketayotgan fuqarolarni ishga joylashtirish va kasbiy bilimini tasdiqlash bo‘yicha faoliyati, fuqarolarni respublikadan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun uyushgan holda ishga qabul qilish, mehnat faoliyatini amalga oshirganidan so‘ng respublikaga qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirishga ko‘maklashish masalalari ham o‘z aksini topgan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA