O‘zbekiston Badiiy akademiyasida Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi g‘oliblariga mazkur stipendiya guvohnomasini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda iste’dodli yoshlar, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning yutuqlarini rag‘batlantirish va munosib taqdirlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun alohida davlat stipendiyalari tayinlanayapti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 21 apreldagi “Tasviriy va amaliy san’at sohasi samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida oliy ta’lim muassasalarida tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishida ta’lim olayotgan iqtidorli va ijodkor talabalarni moddiy va ma’naviy munosib qo‘llab-quvvatlash maqsadida Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini ta’sis etish vazifasi belgilandi.

Mazkur qaror ijrosi doirasida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 6 noyabrda qabul qilingan “Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat stipendiyasini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori bilan “Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini tayinlash tartibi to‘g‘risidagi nizom” tasdiqlandi.

Stipendiya tayinlashda talabgorning oliy ta’lim muassasasidagi tahsil davrida viloyat, respublika va xalqaro miqyosdagi shaxsiy ko‘rgazmasini tashkil etgani, soha bo‘yicha xalqaro va respublika darajasidagi ko‘rgazma, biyennale, festival, simpozium, tanlov va boshqa nufuzli tadbirlardagi ishtiroki va natijalarga erishgani, o‘quv jarayonida mutaxassislik fanlarini a’lo baholarga o‘zlashtirgani, o‘zbek milliy san’ati targ‘ibotiga qo‘shgan hissasi inobatga olinadi.
2023 yilda uchinchi bor O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli va ijodkor talabalari uchun Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi tanlovi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tuzilgan Ekspert guruhining qaroriga asosan 7 nafar iqtidorli ijodkor talaba tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini qo‘lga kiritdi. Bular:
1.Nodira Gayberdiyeva – Guliston davlat universiteti 3-kurs talabasi, Dastgohli rangtasvir tanlov yo‘nalishi;
2.Muazzamoy Abduraimova – Andijon davlat pedagogika instituti 2-kurs talabasi, Rangtasvir (turlari bo‘yicha) tanlov yo‘nalishi;
3.Ulug‘bek Istamtoshev – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 3-kurs talabasi, Grafika va miniatyura tanlov yo‘nalishi;
4. O‘lmasbek Yoqubov – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 3-kurs talabasi, Haykaltaroshlik (turlari bo‘yicha) tanlov yo‘nalishi;
5. Guliruh Normaxmatova – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 3-kurs talabasi, Amaliy san’at (turlari bo‘yicha) tanlov yo‘nalishi;
6. Ozoda Xatamova – Toshkent arxitektura-qurilish universiteti 3-kurs talabasi, Dizayn (turlari bo‘yicha) tanlov yo‘nalishi;
7. Ozoda Saloyeva – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 3-kurs talabasi, San’atshunoslik va muzeyshunoslik (turlari bo‘yicha) tanlov yo‘nalishi.

Tantanali marosimda g‘olib talabalarga ushbu davlat stipendiyasining guvohnomasi topshirildi. Yoshlar yuksak e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
N.Usmonova, O‘zA