Joriy yil davomida bojxona organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar va bojxona nazorati jarayonida 119 ta holatda qiymati 2,3 milliard so‘mdan ortiq, miqdori esa 7 million 250 ming donadan ziyod pirotexnika buyumlari noqonuniy muomaladan olib qo‘yildi.
Bu haqda Bojxona qo‘mitasining navbatdagi brifingida qo‘mita matbuot xizmati rahbari Husan Tangriyev ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish va ulardan foydalanish, shuningdek, bunday mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga noqonuniy olib kirish ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shu bilan birga, xavflilikning II darajasiga kiruvchi maishiy pirotexnika buyumlarini yaratish, ishlab chiqarish, mamlakat hududiga olib kirish, tashish, realizatsiya qilish, sotib olish, saqlash va foydalanish qonun bilan qat’iy taqiqlangan.

Noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan barcha pirotexnika vositalari belgilangan tartibda vaqtincha saqlash uchun hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalariga topshirilgan.
Bojxona qo‘mitasi fuqarolarni bunday holatlarga befarq bo‘lmaslikka chaqirib, agar pirotexnika buyumlarining noqonuniy muomalasiga doir holatlarga duch kelinsa, qo‘mitaning kechayu kunduz faoliyat yurituvchi 11-08 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali xabar berish mumkinligini eslatdi. Murojaatlarning anonimligi kafolatlanadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA