Surxondaryo viloyatida yetkazib berilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun o‘z vaqtida amalga oshirilmagan to‘lovlar davlat ijrochilari aralashuvi bilan undirilmoqda.
Foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz to‘lovlaridan bo‘yin tovlayotgan iste’molchilar energiya resurslari tarmog‘idan ajratilib, yuzaga kelgan qarzlarni sud tartibida undirish choralari ko‘rilmoqda.
Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Nortex style” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan elektr ta’minoti korxonasi o‘rtasida ham yirik miqdordagi qarzdorlik yuzaga kelgan. Oqibatda ta’minotchi bu masalada sud organlariga murojaat etib, foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni undirib berishni so‘ragan. Sud qarori asosida MIB Jarqo‘rg‘on tumani bo‘limi davlat ijrochilari olib borgan ijro harakatlari chog‘ida 4 milliard 200 million so‘m qarzdorlik uchun “Nortex style”ga tegishli mol-mulklarga nisbatan taqiq o‘rnatilib, barcha hisob raqamlariga band solindi. Shundan so‘ng qarzdorlik to‘liq undirilib, qarzdor jamiyatga qo‘llanilgan cheklov choralari bekor qilindi.
Joriy yilning o‘tgan davrida MIB viloyat boshqarmasi va uning quyi bo‘limlari elektr energiyasi hamda tabiiy gaz uchun 166 ta sud va boshqa organlar ijro hujjatiga asosan iste’molchilardan 7 milliard so‘mga yaqin qarzni undirib berdi.
Qarzlarni undirish davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri