Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
7-aprel – Ruandadagi genotsid qurbonlari xotirasi Xalqaro kuni
14:06 / 2018-04-07

1994-yilda noma’lum shaxslar tomonidan Ruanda prezidenti Jyuvenal Xabiarimana va qo‘shni Burundi prezidenti Sipriyen Ntaryamir tushgan yo‘lovchi samolyotini urib tushirilgan edi.

1994-yilda noma’lum shaxslar tomonidan Ruanda prezidenti Jyuvenal Xabiarimana va qo‘shni Burundi prezidenti Sipriyen Ntaryamir tushgan yo‘lovchi samolyotini urib tushirilgan edi.

Shundan so‘ng, mamlakatdagi ko‘pchilikni tashkil qiladigan xutu qabilasi vakillari tutsi qabilasini jinoyatda ayblab chiqdi va ikki qabila o‘rtasida qurolli to‘qnashuv boshlanib ketdi. Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, yuz kun davom etgan xunrezliklar oqibatida 800 mingdan 1 millionga yaqin kishi halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning atigi 10 foizini xutu qabilasi vakillari tashkil qiladi.Tahlilchilar Ruandadagi qotilliklar tezligi ikkinchi jahon urushida fashistlar tomonidan “o‘lim lagerlarida” sodir etilgan qotilliklar tezligidan besh barobar oshib ketganini aytishadi.

Xutu va tutsi – Ruanda, Uganda, Burundi va mintaqadagi boshqa mamlakatlarda istiqomat qiluvchi etnik-ijtimoiy guruh bo‘lib, xutu qabilasi vakillari katta obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan. 1884 – 1885-yillarda Berlin konferensiyasi Ruanda yerlari Germaniya qo‘l ostiga o‘tgani borasida qaror qabul qildi. 1899-yil tutsi qabilasi hukmdorlari o‘z muxtoriyatlari saqlab qolingan holda nemis kayzerini tan olishdi. 1915-yilda Belgiya qo‘shinlari Ruanda hududlariga bostirib kirib, bu mamlakatni to‘laligicha egallab oldi. Germaniya va Bel’giya ma’muriyati tutsi vakillariga bir qator imtiyozlarni yaratib berishdi. Bu qabila vakillari Yevropada ta’lim olish imkoniyatlariga ega bo‘lishdi. Hokimiyat xutu qabilasi vakillariga o‘ta boshlaganini ko‘rgan tutsi qabilasi 1950 yillardan boshlab Ruanda mustaqilligi uchun kurash boshlashdi. 1959- yilning noyabridan boshlab ikki qabila o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi. Avvaliga xutu qabilasi vakillari tutsi qabilasiga tegishli uylarga o‘t qo‘ydi. Bunga javoban tutsi qabilasi ham qarab turmadi. Yuz bergan ommaviy tartibsizliklar oqibatida odamlar (asosan tutsi qabilasi vakillari) o‘zlari tug‘ilib o‘sgan makonlaridan bosh olib keta boshlashdi. 1962-yilda Ruanda rasman mustaqil, deb e’lon qilindi. Bo‘lib o‘tgan referendumdan so‘ng qirol Kigeli V taxtdan voz kechib, qo‘shni Ugandaga ketishga majbur bo‘ldi. 1973-yil 5-iyul kuni yuz bergan harbiy to‘ntarish oqibatida hokimiyatga xutu qabilasining vakili bo‘lmish mudofaa vaziri general-mayor Jyuvenal Xabiarimana keladi.

Kuzatuvchilarning so‘zlariga qaraganda, o‘tgan asrning 80-yillarida 480 minga yaqin Ruanda fuqorosi qochoq maqomi bilan qo‘shni Burundi, Uganda, Zoir (hozirgi Kongo Demokratik Respublikasi) va Tanzaniyada istiqomat qilgan. Uganda hududlarida yashaydigan tutsi vakillari 80-yillar oxirlarida Ruanda patriotlar fronti (RPF)ni tashkil qilishdi. Bu siyosiy kuchning asosiy maqsadi etib Ruandadagi davlat tuzimini isloh qilishdan iborat edi. 1990 yilning oktabr oyida RPFning bir necha yuz askari Uganda hududidan Ruandaga o‘tishdi. Oradan ko‘p o‘tmay ularning safi 7000 kishiga kengaydi. 1994-yilda bu raqam 14000 kishiga yetdi. Bu vaqtda Jyuvenal Xabiarimana hukumati iqtisodiy qiyinchiliklar bilan to‘qnash kelgan edi. Xalqaro moliya institutlarining bosimi ostida hukumat iqtisodiyotni liberallashtirishga rozi bo‘ldi. RPF hujumlari hukumat armiyasining jiddiy qarshiligiga duch keldi. Belgiya vositachiligida ikki qabila o‘rtasida yarash bitimi imzolandi. Biroq shunga qaramay qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib turdi. 1991-yil iyulidan boshlab harbiy harakatlar muntazam davom etib turdi. Janglarni to‘xtatish maqsadida Fransiya va Zoir harbiylari vaziyatga aralashishga majbur bo‘ldi. 1992-yil yoz faslida Afrika Birdamlik Tashkiloti vositachiligida hukumat va RPF vakillari o‘rtasida muzokoralar boshlandi. 1993-yilning 4-avgustida Tanzaniyaning Arusha shahrida tinchlik shartnomasi imzolandi. Bu bitimga ko‘ra, mamlakatdagi 5ta partiya vakillaridan iborat O‘tish hukumati tuzilishi va qochqinlarni vatanlariga qaytishi uchun shart-sharoitlar yaratilishi kerak edi. Mamlakatdagi vaziyatni nazorat qilish maqsadida BMTning tinchlikni saqlovchi kuchlari tashkil etildi. O‘tish hukumati tuzilmagani, siyosiy qotilliklar davom etishi sabab Ruandadagi vaziyat 1993-avgustidan 1994-yilning martiga qadar keskin bo‘lib qoldi.

1994-yilning 6-aprel kuni Tanzaniyada bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumandan qaytayotgan Ruanda va Burundi prezidentlari tushgan samolyot urib tushirildi. Ularning har ikkisi halok bo‘ldi. Prezident Xabiarimana vafotidan keyin ko‘p o‘tmay prezident gvardiyasi aeroport yaqinida bo‘lgan odamlarni o‘ldira boshladi. Belgilik tinchlikni saqlovchi kuchlari qurolsizlantirildi. Ruanda harbiylari avval tuzilgan ro‘yxat bo‘yicha tutsi qabilasiga mansub siyosatchilarni o‘ldira boshladi. O‘ldirilganlar orasida xutu qabilasi vakillari va tinch aholi vakillari ham bor edi. Mamlakat bosh vaziri Agata Uvilingiyimana 7-aprel kuni o‘ldirildi. Bosh vazir uyini qo‘riqlayotgan 10 nafar belgiyalik va 5 nafar Ganalik askar o‘z qurollarini topshirishga majbur bo‘ldi. Tinchlikni saqlovchi kuchlari qurolsizlanganini ko‘rgan Agata Uvilingiyimana eri, bolalari va yana bir necha hamrohi bilan AQSh elchixonasiga yashirinishga harakat qildi. Biroq harbiylar va jangarilar bosh vazir va uning erini shafqatsizlarcha o‘ldirishdi. Baxtli tasodif tufayli ularning farzandlari tirik qoldi.

Xususiy va davlatga tegishli radiostansiyalar aholiga murojaat qilib, tutsi qabilasiga mansub kishilarni o‘ldirishga da’vat qildi. Buning natijasida ko‘plab tutsi aholisi o‘zlarining qo‘shnilari tomonidan sovuq qurollar bilan o‘ldirildi. Qatliomda qilich, bolta, kaltak, zanjirlardan keng foydalanildi. Guvohlarning so‘zlariga qaraganda, ko‘p hollarda jabrdiydalar o‘zlarini qiynab o‘ldirmasliklarini, balki otib tashlashlarini so‘rab pul berishgan. Genotsid davomida odamlarni tiriklayin yoqib yuborilishi bilan bog‘liq voqealar yuz bergani, 250 mingga yaqin ayolning nomusi bulg‘angani aytiladi. O‘limdan omon qolgan ayollarning og‘ir kasalliklarga duchor bo‘lgan.

Genotsiddan keyin Ruanda bir qator muammolar bilan to‘qnash keldi. Jumladan, odamlar noqonuniy ravishda yer va mulklarni egallab ola boshlashdi. Bundan tashqari genotsidni uyushtirish aybi bilan odamlar qamoqqa olina boshlandi. Qamoqxonalar mahbuslarga to‘lib ketgani bilan, ularni boqish hech kimni xayoliga kelmadi. Dalalardagi hosilni yig‘ishtirib olishga ham e’tibor qaratilmadi. Buning oqibatida ocharchilik muammosi paydo bo‘ldi. Ko‘chalarda qolib ketgan va suvlarga tashlangan murdalarning aynishi oqibatida sanitariya holati ham yomonlashdi. Bu, o‘z navbatida, vabo epidemiyasini keltirib chiqardi.

1994-yil noyabr oyida Tanzaniyada Ruanda bo‘yicha Xalqaro tribunal ish boshladi. Xalqaro tribunalda genotsid tashkilotchilari va rag‘batlantiruvchilari sud qilindi.

2008-yilning 18 dekabrida tribunal sobiq polkovnik Teoneste Bagosoruni insoniyatga qarshi jinoyat sodir etganlikda aybdor, deb topib umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Ma’lum bo‘lishicha, u aviahalokatdan so‘ng mamlakatdagi siyosiy va harbiy vaziyatni o‘z qo‘liga olgan. Shu sababli ham ma’suliyat unga tushadi.

Uchta etnik guruhdan tashkil topgan Ruanda aholisi 7 million kishidan oshadi. Aholining 85 foizini xutu, 14 foizini tutsi va 1 foizini tva qabilasi tashkil qiladi.

Ruanda hukumati hodisadan ikki yil o‘tib, ya’ni 1996-yildan boshlab genotsid ishi bo‘yicha jinoiy ish ochdi. Bunga qatliom davrida sud va qamoqxona binolarining buzilgani, huquqshunoslarning yetishmasligi sabab bo‘lgani aytiladi. 2000-yilga qadar 100 mingdan ortiq kishi sudga tortildi.

Genotsid deb (grekcha genos qabila, urug‘-aymoq va lotincha caedo o‘ldirmoq so‘zlaridan kelib chiqqan) – milliy, etnik, irqiy, diniy guruhlarni yo‘q qilish maqsadida amalga oshirilgan hatti-harakatlarga aytiladi. BMT Bosh Assambleyasi 1948-yil 9-dekabrda Genotsid bilan bog‘liq jinoyatdan ogohlantirish va jazolash to‘g‘risidagi Konvensiyani qabul qildi. Bu hujjat 1951-yilning 12-yanvaridan boshlab kuchga kirdi va genotsid insoniyatga qarshi xalqaro jinoyat sifatida tan olindi. 1943-yilda Rafael Lemkin tomonidan muammolaga kiritilgan “genotsid” iborasi bugungi kunda odamlar guruhini ommaviy ravishda o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyatlarni anglatadi. 1944-yili professor Lemkin “Axis Rule in Occupied Europe” (“Bosib olingan Yevropdagi asosiy qoidalar”) degan kitobida fashistlarning “qo‘hna qita”ning bosib olingan hududlarida xalqlarni yo‘q qilishga qaratilgan rejalari haqida yozadi.

Sharofiddin To‘laganov