6,7 milliard so‘mdan ziyod qarz undirib berildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanlararo iqtisodiy sudining 2025 yil 12 maydagi ijro hujjatiga asosan, javobgar “Kungrad Lestorg” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan da’vogar “Pallet Production” mas’uliyati cheklangan jamiyati foydasiga jami 6 milliard 701,8 million so‘m undirish belgilangan. Da’vogar ushbu ijro hujjatini qonunchilikka ko‘ra, dastlab qarzdorga xizmat ko‘rsatuvchi bankga topshirgan bo‘lsada, ijrosi ta’minlanmagan. Oqibatda da’vogar Majburiy ijro byurosining Qo‘ng‘irot tuman bo‘limiga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.
Bo‘lim xodimlari tomonidan qarzdorning bank hisob raqamlari xatlovga olinib, unga elektron inkasso qo‘yildi. Shuningdek qarzdorga tegishli jami 4 ta avtotransport vositasi va 1 ta ko‘chmas mulkiga taqiq o‘rnatildi.
Olib borilgan shunday harakatlar natijasida 6,7 milliard so‘mdan ortiq pul mablag‘i “Pallet Production” mas’uliyati cheklangan jamiyatining hisob raqamiga o‘tkazib berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri