Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida 6 ming 500 AQSH dollari evaziga tanishlari orqali Ullubog‘ ovul fuqarolar yig‘ini hududidan 6 sotix yer maydonini olib berishini va’da qilgan fuqaro ushlandi.
Ushbu jinoyat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tuman bo‘limi, DXX Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tuman bo‘linmasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida fosh etildi.
Fuqaro F.G.ning ishonchiga kirgan u 2021 yil 24 aprel kuni mazkur ovul fuqarolar yig‘ini hududida talab qilingan pulni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ushlandi va kimyoviy ishlov berilgan 6500 AQSH dollari ashyoviy dalil tariqasida olindi.
Mazkur holat yuzasidan departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tuman bo‘limi tomonidan fuqaro K.E.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA