Bugun, 24 avgust kuni Polshada shaxmat bo‘yicha “61st Rubinstein Memorial-2025” turnirining so‘nggi 9-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Kecha dunyo shaxmat ishqibozlari e’tiborida bo‘lgan mazkur turnirning 8-turida hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyev oq donalarda polshalik Mateush Bartel bilan kuch sinashdi.

Qiziqarli kechgan bahsda Yoqubboyev g‘alabaga yaqin edi. Ammo, ayrim vaziyatlardagi noaniq harakatlar turni durang bilan yakunlanishiga olib keldi. Ushbu natija terma jamoamiz a’zosini “61st Rubinstein Memorial-2025” turniri g‘olibligiga yana bir qadam yaqinlashtirdi.
Bugun o‘tadigan 9-tur ostonasida Nodirbek 6 ochko bilan turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda. Uni ta’qib etayotgan polshalik Mateush Bartel va Radoslav Voytashek, chexiyalik David Navaralar 5 ochko jamg‘argan holda keyingi pog‘onalarni band etgan.

So‘nggi turda Yoqubboyev qora donalarda 4 ochko bilan 5-pog‘onada borayotgan ukrainalik Igor Kovalenko bilan ro‘baro‘ kelsa, Mateush Bartel Polsha vakili Yan Klimkovskiga, David Navara Radoslav Voytashekka qarshi bahs olib boradi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA