Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
61,9 million kadr arxiv hujjati raqamlashtirildi – “O‘zarxiv” agentligi
13:55 / 2023-08-10

“O‘zarxiv” agentligida onlayn shaklda arab alifbosida yaratilgan turkiy, forsiy va arabcha hujjatlardagi matnlarni tarjima qilish va hujjatlardagi axborotlar bo‘yicha annotatsiya ma’lumotlarni tayyorlab berish xizmati yo‘lga qo‘yildi.

Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda “O‘zarxiv” agentligi axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev ma’lumot berdi.  

Qayd etilganidek, 2023 yil 1 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekiston milliy arxivlari va respublika davlat arxivlari tomonidan jami 963,8 ming saqlov birligidagi 61,9 million kadr arxiv hujjatlari raqamlashtirilgan. Tasdiqlangan rejaga muvofiq, 2023 yil boshidan 81,3 ming saqlov birligidagi 8,4 million kadr hujjatlar raqamlashtirilgan.  

“O‘zarxiv” agentligi tomonidan O‘zbekiston milliy arxivlari va davlat arxivlarining 2023 yil mobaynida arxiv hujjatlarini raqamlashtirish, ya’ni arxiv hujjatlarning elektron nusxasini yaratish hamda “Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarning yagona saqlovini ta’minlash hamda ulardan foydalanish” axborot tizimiga ma’lumotlarni kiritish rejasi tasdiqlanib, kunlik monitoring ishlari tashkil etilgan.  

2023 yil 1 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekiston milliy arxivlari va davlat arxivlari tomonidan “Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarning yagona saqlovini ta’minlash hamda ulardan foydalanish” axborot tizimida jami 48 ming 379 ta fond, 46 ming 583 ta ro‘yxat, 542 ming 6 saqlov birligi va 211 ming 201 ta hujjat yaratilgan. Tadqiqotchilar masofadan turib doc.archive.uz orqali foydalanish imkoniyatiga egalar.  

“O‘zarxiv” agentligi tomonidan yana 2 ta arxiv xizmati, jumladan, Arxiv hujjatlari, kitoblar va qo‘lyozmalarni raqamlashtirish (elektron nusxa olish) onlayn shaklga o‘tkazildi. Davlat xizmati ko‘rsatish uchun 1 ta annotatsiya uchun bazaviy hisoblash miqdorining 0,47 baravari miqdorida yig‘im undiriladi.  

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga ushbu bandning birinchi xatboshisida belgilangan yig‘imning 50 foizi miqdorida chegirma qo‘llaniladi.  

Davlat arxivlari so‘rovnoma kelib tushgan vaqtdan boshlab 3 ish kuni mobaynida 200 betgacha, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda 15 ish kun mobaynida 200 betgacha bo‘lgan arxiv hujjatlari, kitoblar va qo‘lyozmalarni raqamlashtirish (elektron nusxa olish) ishlarini bajaradi hamda Davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron tarzda yuboradi.  

“Raqamli arxiv: O‘zbekiston Milliy arxivi fondlarining onlayn yo‘l ko‘rsatkichi”da Sovet davrining 1924-1945 yillarga tegishli arxiv fondlariga oid o‘zbek, rus, ingliz tilidagi tahririy matni va elektron nusxasi tayyorlandi.    

 

Gulnoza Boboyeva,  

O‘zA