French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
616 ta yangi madaniy meros ob’ektini milliy ro‘yxatga kiritish tavsiya etilgan
19:56 / 2022-10-26

Yurtimizning boy tarixi va o‘tmishidan so‘zlovchi tarixiy maskanlar, madaniy meros ob’ektlari eng katta boyligimizdir. Ularni asrab-avaylab, kelajak avlodlarga o‘z holicha yetkazish bugungi avlod vakillari zimmasidagi muhim vazifa hamda burch hisoblanadi.

Yaqinda parlament quyi palatasining ish rejasiga muvofiq, Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida Turizm va madaniy meros vazirligining “Madaniy meros ob’ektlari hisobini yuritish, saqlash va himoyasini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi. Unda vazirlik mutasaddilari hamda vazirlik huzuridagi Madaniy meros agentligi vakillari sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumotlar berdi.

Eshituvdan so‘ng qo‘mita a’zosi, deputat Oydin Abdullayeva ommaviy axborot vositalari vakillari, jumladan, O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Moddiy va madaniy meros ob’ektlari milliy boyligimizdir. Ularni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va undan foydalanish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Madaniy meros ob’ektlarining ro‘yxati tasdiqlangan. Ushbu ro‘yxatga kiritilgan 8 ming 210 ta madaniy meros ob’ektlarining saqlanishi, ro‘yxatni kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida Turizm va madaniy meros vazirligidan ma’lumotlar oldik. Vazirlikning ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda viloyatlarda tashkil etilgan maslahat kengashlari tomonidan madaniy meros ob’ektlari o‘rganilib, milliy ro‘yxatga kiritilishi va chiqarilishi lozim bo‘lgan ob’ektlar aniqlashtirilgan. Ya’ni 308 ta ob’ekt ro‘yxatdan chiqarishga, 616 ta yangi ob’ektni ro‘yxatga kiritish tavsiya etilgan. Bu borada korrupsion holatlar bo‘lmasligi uchun ushbu shakllantirilgan ro‘yxat Bosh prokuraturaga taqdim etilgan. O‘rganishlar yakunlangandan so‘ng ushbu ro‘yxatdagi ob’ektlar Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashga kiritiladi.

2001 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunda belgilab qo‘yilgan madaniy meros ob’ektlarining tegralarini belgilash va ularni saqlash ishlari bilan qiziqdik. bugungi kunda ushbu yo‘nalishdagi ishlarga 24,6 milliard so‘m talab etilar ekan. Buning ro‘yxati bilan tanishib chiqdik. Ushbu sarf-xarajatlar 2023 yil hamda kelgusida madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish uchun ajratiladigan mablag‘larning iqtisod qilingan qismidan qoplanishi rejalashtirilmoqda.

Aholidan tushayotgan ayrim murojaatlarda ba’zi madaniy meros ob’ektlari qarovsiz holda yotgani, ularni tiklash, ta’mirlash, restavratsiya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish zarurligi aytiladi. Mana shunday madaniy meros ob’ektlarini tiklash va ta’mirlash ishlari bilan qiziqdik hamda qo‘mitamiz birga muayyan takliflarni berdik.

O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.