Andijon shahri Bo‘ston dahasida joylashgan matoni bo‘yash va gul bosish korxonasi. Mazkur ob’ekt 3,5 gektar maydonni egallaydi. Investitsiya loyihasining umumiy qiymati 50 million dollarga teng.
“WBM FABRICS” korxonasi Italiya va Germaniyadan keltirilgan zamonaviy, yuqori va nano-texnologik uskunalar bilan jihozlangan.
Qayd etish kerak, loyiha faoliyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksportga yo‘naltirilgan, yillik eksport hajmi 55 million dollarni tashkil etadi. Korxonada import o‘rnini bosuvchi trikotaj matolar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, yiliga 24 ming tonna matoni bo‘yash quvvatiga ega.
Loyihaning asosiy afzalliklari nimada desangiz: mahsulot va uning turlari, energiya samaradorligi va suv tozalash inshooti. Yuqori texnologik suv tozalash inshootida kunlik 2500 tonna chiqindi suv bir necha bosqichda tozalanib, 70 foizlik qismi ishlab chiqarishga qayta yo‘naltirilishi natijasida oylik 50 000 tonna suv resursi iqtisod qilinadi.
15 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur korxona faoliyati bilan tanishdi. Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, mutaxassislar bilan muloqot qildi.
[gallery-22821]
Korxona rahbari Azamatjon To‘xtasinov O‘zA muxbiriga bergan intervyusida mazkur klasterning xususiyatlari, yaratilgan sharoit, shuningdek, tashrif tafsilotlari va berilgan topshiriqlar xususida atroflicha so‘z yuritdi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda DiROMM brendi ostida Xorazm, Buxoro va Andijon viloyatlarida 9 ta yirik korxona faoliyat olib bormoqda. “WBM FABRICS” loyihasi esa o‘ninchi yirik korxona sifatida faoliyat boshladi. Ushbu loyiha doirasida 600 nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan. Respublika bo‘yicha esa DiROMM brendiga tegishli korxonalarda 10 000 dan ziyod ishchi-xodim faoliyat yurityapti.
Bu haqda O‘zAning YouTube tarmog‘ida e’lon qilingan videolavha orqali batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/p_xMySiBY90" title="600 kishini ish bilan taʼminlagan yangi korxonadan maxsus reportaj" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz Xudoyberdiyev, Rustam Nazarmatov (surat), Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA