Sirdaryo viloyatida xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash va ularning iqtisodiy faolligini oshirish maqsadida tashkil etilgan mahalla markazlarida bugungi kunga kelib 600 dan ortiq ayol doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Ular tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes va hunarmandchilik yo‘nalishlarida mehnat qilib, oilalari farovonligiga hissa qo‘shishmoqda.
Joriy yilda viloyat bo‘ylab 23 ta yangi markaz ochish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning 19 tasi yoki 82,6 foizi o‘z faoliyatlarini boshlagan. Qolgan markazlar uchun zarur infratuzilma yaratish ishlari olib borilmoqda. 2023 yilda tashkil etilgan 32 markazdan 27 tasi barqaror ishlayotgani qayd etildi.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur markazlar faoliyati, ayollar bandligi va tadbirkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. Yig‘ilishda sanitariya va xavfsizlik talablariga rioya qilish, mahsulot sifatini ta’minlash hamda faoliyatsiz binolardan samarali foydalanish zarurligi alohida ta’kidlandi.

– Mahalla markazlari nafaqat ish o‘rni, balki yuzlab oilalarning turmush tarzini o‘zgartirmoqda. Qaror qog‘ozda emas, hayotda samara berishi kerak. Har bir tumanda bu o‘zgarishni odamlar his qilishi lozim, – dedi Erkinjon Turdimov.

Shuningdek, Guliston, Boyovut, Sayxunobod, Oqoltin va Xovos tumanlarida ayrim binolar negizida qo‘shimcha hunarmandchilik va fitnes markazlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri