Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarni maktabga tayyorlashning sifati va boshlang‘ich ta’limni olishga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini Surxondaryo viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlagan yig‘ilish o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda respublikamizdagi 661 ming 112 nafar 6 yoshli bolalarning 455 ming 43 nafari 9 ming 459 ta to‘liq kunlik guruhlarga, 182 ming 676 nafari 7 ming 601 ta boshlang‘ich ta’limga bir yillik majburiy bepul tayyorlov guruhlariga, 21 ming 828 nafari 2 ming 690 ta qisqa muddatli, 1 ming 565 nafari esa 362 ta mobil guruhlarga qamrab olingan bo‘lib, ko‘rsatkich 96 foizni tashkil etmoqda.

2025-2026 o‘quv yilida bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrab olish ko‘rsatkichini 98 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, bolalarni boshlang‘ich ta’limga sifatli tayyorlash maqsadida 2020 yildan boshlab shu kunga qadar 7 ming 601 ta boshlang‘ich ta’limga bir yillik majburiy bepul maktabga tayyorlov guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularga 190 ming nafarga yaqin bola qamrab olindi.

Yig‘ilishda Surxondaryo viloyatida bu borada olib borilayotgan ishlar keng muhokama qilinar ekan, hozirda 3 ming 105 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjudligi qayd etildi. Shundan 472 tasi davlat, 176 tasi davlat-xususiy sheriklik asosidagi, 2 ming 447 tasi oilaviy va 10 tasi xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir. 3-7 yoshli bolalar soni 268 ming 108 nafarni tashkil etib, 185,5 mingdan ortig‘i maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan.
Viloyatda qamrov darajasini oshirish bo‘yicha davlat dasturi doirasida 2025 yilda 27 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, davlat-xususiy sheriklik asosida oilaviy nodavlat MTT tashkil etish belgilangan.
Muhokamalarda deputatlar o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni o‘rtaga tashlab, o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar.

Muhtarama Komilova, O‘zA