Bojxona organlari tomonidan mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, bojxona to‘lovlarini undirish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, “yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurashish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishining oldini olish, qonunbuzarliklarni aniqlash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Buni birgina Toshkent shahar bojxona boshqarmasi misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, o‘tgan davr mobaynida boshqarma tomonidan 12 trillion 431 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlari undirilib, davlat byudjetiga o‘tkazildi.
Tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, natijalar to‘g‘risida Toshkent shahar bojxona boshqarmasi boshlig‘i Tolibjon Saidov O‘zA muxbiriga kuyidagilarni so‘zlab berdi.
– Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bojxona to‘lovlaridan salkam 8,9 trillion so‘m imtiyozlar berildi. Imtiyoz qo‘llanilgan asosiy tovarlar tarkibini transport vositalari va uning qismlari, texnologik asbob-uskunalar, farmatsevtika mahsulotlari, tibbiyot asbob-uskunalari hamda maishiy-texnika va ularning qismlari tashkil etdi. Shuningdek, boshqarma tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga jami 940 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash imkoniyati taqdim etildi.
Bu esa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va xorijga eksport qilishni munosib rag‘batlantirishga xizmat qilib kelmoqda. Masalan, joriy yilning o‘tgan 6 oyi mobaynida 4,3 milliard AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan tovarlar xorijiy mamlakatlar bozorlariga yo‘naltirildi. Tovarlar 70 ga yaqin davlatlarga eksport qilingan bo‘lib, asosiy hamkor davlatlar, Turkiya, Xitoy va Qozog‘iston hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
Eksport qilingan asosiy tovarlar – metallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar, to‘qimachilik, elektronika va ularning qismlari, ip-kalava, ozik-ovqat va meva-sabzavot mahsulotlari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
Bojxona postlarida jami 42 ming 993 ta bojxona ko‘rigi jarayonlari amalga oshirilib, 190 ming 196 ta bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirildi. Bojxona yuk deklaratsiyalarini Xavfni boshqarish axborot tizimi bo‘yicha yo‘laklar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, deklaratsiyalarning 48 ming 29 tasi “yashil yo‘lak”, 109 ming 590 tasi “sariq yo‘lak”, 32 ming 577 tasi “qizil yo‘lak” tartibida rasmiylashtirilgan.
Boshqarmada bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishini oldini olish, aniqlash va ularga chek qo‘yish, kontrabandaga qarshi kurashish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, hisobot davrida 2 ming 7 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, natijada 120 milliard so‘mlik tovar-moddiy boyliklari vaqtincha saqlovga olindi. Aniqlangan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha 24,9 milliard so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi.
Boshqarma tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikda giyohvand vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurash yo‘nalishida 26 ta holatda 3 kg. 47 gr., jumladan, 27 ming 384 dona tarkibida giyohvandlik vositalari bo‘lgan moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi, zaharli va zaharlovchi moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq 10 ta holatda 19 kg. 279,75 gr. giyohvandlik moddalar, 565 dona tramadol, 18 ta holatda 30 ming 765 dona kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ushlab qolindi.
Bundan tashqari, tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida 7 ta holatda 171 ming 39 quti tamaki mahsulotlari, 2 ta holatda 20,2 tonna rangli metall, 49,9 tonna mineral o‘g‘itlarning noqonuniy aylanuvi bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlari fosh etilgan.
Zamonaviy texnologiyalar va maxsus texnik vositalarni qo‘llagan holda faoliyat samaradorligini oshirish, bojxona protseduralarini soddalashtirish, xavfni boshqarish mexanizmlari orqali halol tadbirkorlarga imtiyozli bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish, kadrlar bilan ishlash va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmaning kelgusidagi asosiy strategik yo‘nalishlar bo‘lib qoladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA