Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
6-Namangan saylov okrugi ish boshladi
15:12 / 2023-05-24

Mamlakatimizda joriy yilning 9 iyul kuni o‘tkaziladigan muddatidan oldin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Xususan, saylovni o‘tkazuvchi 6-Namangan okrug saylov komissiyasi ham o‘z faoliyatini boshladi.

Okrug saylov komissiyasining navbatdan tashqari yig‘ilishida viloyatda saylov jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish ishlari xususida so‘z bordi. Markaziy saylov komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida barcha hududlarning, shu jumladan, 6-Namangan okrug saylov komissiyasi tarkibi ko‘rib chiqilib, tasdiqlandi.  

Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi tavsiyasi asosida oliy ma’lumotli huquqshunos, muhandis, iqtisodchi, pedagog, jurnalist va boshqa mutaxassislikka ega bo‘lgan 15 nafar a’zodan iborat 6-Namangan okrug saylov komissiyasiga Namangan davlat universiteti rektori, professor Sobitxon Turg‘unov raislik qiladi.  

Yig‘ilishda okrug saylov komissiyasi ish rejasini takomillashtirish, vazifalar taqsimotini qayta ko‘rib chiqish va matbuot markazi faoliyatini tashkil etish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga saylov o‘tkazuvchi okrug komissiya a’zolarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishdagi asosiy vazifalari, saylov standartlariga rioya etgan holda, Saylov kodeksi talablari asosida uyushqoqlik bilan tashkil etishdagi ko‘nikmalarni oshirish xususida so‘z bordi.  

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq o‘quv mashg‘ulotlari, seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlari o‘tkaziladi. 6-Namangan saylov okrugi joylashgan Davlatobod tumanidagi viloyat madaniyat markazi binosida barcha sharoitlar yaratilgan. Okrug saylov komissiyasi raisi va uning o‘rinbosari hamda a’zolari uchun xonalar, xorijiy va xalqaro kuzatuvchilarga maxsus xona, ommaviy axborot vositalari uchun mo‘ljallangan matbuot markazi zarur texnika va jihozlar bilan ta’minlandi.  

Yig‘ilishda okrug komissiya raisi o‘rinbosari, kotibi va komissiya a’zolari uchun guvohnomalar topshirildi. Shuningdek, okrug saylov komissiyasi matbuot markazi tashkil etildi hamda uning raisi, o‘rinbosari va a’zolari tasdiqlandi.  

 

Oqilxon DADABOEV,  

O‘zA