English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
6 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi
11:13 / 2023-12-27

Yurtimizning har bir go‘shasi kundan-kunga obod bo‘lib bormoqda. Yangi-yangi uy-joylar, bog‘cha, maktab, stadionlar, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, ishlab chiqarish korxonalari barpo etilib, qishlog‘u shaharlarimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilmoqda.

Bu albatta, mamlakatimizdagi tinchlik-xotirjamlik, iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar samarasidir. Jumladan, Jalaquduq tumanida ham keyingi yillarda qurilish, bunyodkorlik, aholining turmush farovonligini yuksaltirish, bandligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.  

– Prezidentimizning tashabbusi bilan chekka hududlarda sanoatni rivojlantirish, aholining bandligini ta’minlash, turmush farovonligini oshirishga qaratilgan dasturlar doirasida tumanimizda ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda, – deydi Jalaquduq tumani hokimi Hikmatullo Latipov. – Ayniqsa, tumanimizda yengil sanoat rivojlanib, mazkur yo‘nalishda yangi- yangi ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirilmoqda.  

Tumanining Tuyalas mahallasida trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonaning faoliyat boshlaganiga ham xali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Shunga qaramasdan korxona tomonidan “Samo” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan sifatli va bejirim trikotaj mahsulotlari nafaqat mamlakatimiz ichki bozorida, balki qator xorijiy davlatlar bozorida ham xaridorgir mahsulotlar qatoridan o‘rin olmoqda.  

“Jalaquduq klaster agroservis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 8,7 million AQSH dollariga teng loyiha doirasida tashkil etilgan mazkur korxonada yiliga 3,5 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. Bugungi kunda bolalar, ayollar va erkaklar uchun 30 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Korxonada yiliga 6 millon dollarlik mahsulot eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.  

–Korxonamiz joriy yilning 2- choragida o‘z faoliyatini boshlagan, - deydi “Jalaquduq klaster agroservis” MCHJ rahbari Akromjon G‘aniyev. – Korxonamizga asosan Italiya, Yaponiya va Turkiya davlatlaridan keltirilgan dastgoh va uskunalar o‘rnatilgan, ishlab chiqarish jarayoni to‘la avtomatlashgan.  

Korxonaning ishlab chiqarish liniyasiga aqlli dastur joriy etilgan. Buning natijasida mahsulotning sifati onlayn tarzda nazorat qilinadi, har bir liniyada qancha mahsulot ishlab chiqarilayotganligi nazorat qilib boriladi. Eng asosiysi, ish unumdorligi bir necha barobar yuqori bo‘lmoqda.  

Hozir korxona mahsulotlari MDH davlatlariga eksport qilinmoqda. Shu kunlarda korxona rahbariyati tomonidan qator Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahsulotni eksport qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.  

 [gallery-15230]

Zamonaviy, barcha qulaylikka ega mazkur korxonada  mingta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, ayni kunda 800 nafar kishi mehnat qilmoqda. Ularning aksariyati xotin-qizlardir. Ishchi-xizmatchilarning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur barcha sharoit yaratilgan. Jumladan, bepul tushlik, dam olish xonalari, ishchilarning ishga borib- kelishi uchun transport tashkil etilgan.  

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari