Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
6-7 million bola uchun bir-ikkita bolalar yozuvchisi kam emasmi? Bolalar adabiyotining bugungi holati...
12:20 / 2022-04-25

Qiziqarli kitoblarsiz haqiqiy bolalikni tasavvur qilishning iloji yo‘q.

Bugun yaratilayotgan kitoblar mazmuni qanchalik yetuk, bolalarimiz uchun davriy nashrlar yetarlimi? 

Hozirgi kunda jamiyatning tezkor rivojlanishi natijasida biz kitoblardagi kamchiliklarni ko‘rmaymiz. Har qanday kitob do‘koniga borib, yuzlab kitob javonlarida taxlangan, turli adabiy janrlarga oid kitob­larni ko‘rishimiz mumkin. Afsuski, tanlovimiz uchun taqdim etilgan shuncha kitobga qaramasdan, bolalar adabiyoti deyarli yo‘qolib borayotganini hammamiz ham sezmaymiz.

Bolalar adabiyoti, eng avvalo, bolalarning ma’naviy, intellektual va estetik taraqqiyotiga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Adabiyot bolaning aql-idrokini va tasavvurlarini oziqlantirib, unga dunyoning go‘zal ufqlarini ochib beradigan, shaxsning ruhiy rivojlanishini ta’minlaydigan kuchli vosita hisoblanadi. Bolalarning kitob olamiga kirishi, birinchi navbatda ular uchun yaratilgan adabiyotlar orqali amalga oshiriladi. Kitob do‘konlari bugungi kunda yosh o‘quvchilarga qanday adabiyotlarni taklif qilishi mumkin?

Albatta, bolalar uchun kitoblar bor. Ko‘pi chet el adabiyotidan tarjimalar va chiroyli muqovalarda nashr etilgan kitoblar. Bunday ajoyib muqovaning orqasida nima yashiringan? Ushbu kitoblarning mazmuni qanday? Bu borada ko‘p tortishuvlar va qarama-qarshi fikrlar mavjud. Ammo haqiqat shuki, chiroyli ko‘rinishiga qaramay, bu kitoblarning aksariyati mazmunan zo‘ravonlik va zulm bilan to‘yingan.

Umuman, bolalarga aql-idrokli, mehribon bo‘lish, yaxshilik qilishni o‘rgatadigan ertaklar, hikoyalar kerak. Bolalar adabiyotining asosiy vazifasi – tarbiyalash. Zo‘ravonlik g‘oyalari singdirilgan kitoblar bolaning tarbiyasiga, dunyoqarashiga salbiy ta’sir qiladi. Hammasi oddiy bo‘lishi kerak. 3-6 yoshli bolalar uchun yozilgan ijod namunalarida oddiy g‘oya bo‘lishi, yaxshi va yomonni solishtirishni o‘rgatishi lozim. Bu – tarbiyalashning mumtoz ko‘rinishi. Ushbu masala bo‘yicha bolalar yozuvchilari o‘z ishlarini qaytadan boshlash haqida o‘ylashlari kerak. Biroq bizda bolalar uchun ijod qiladigan yozuvchilarimiz yo‘q.

bugungi kunda o‘n mingdan ortiq umumta’lim maktablarida millionlab bolalar o‘qimoqda. 6-7 million bola uchun bir-ikkita bolalar yozuvchisi kam emasmi? Agar chuqurroq o‘ylasak, ayni damda adabiyotimizdagi eng og‘riqli nuqta – bolalar adabiyoti. Ayni kitoblar olamiga kiradigan, kitobga qiziqish uyg‘onadigan yoshda ularning adabiyotsiz qolib ketishi fojia bilan barobar. Salkam chorak asrdan buyon davom etib kelayotgan bu jarayonda butun boshli bir avlodni yo‘qotganimizni sezmadik.

Jahon adabiyotidan «o‘girma»larni ham mukammal tarjima deb bo‘lmaydi. Adabiyotda shunday tushuncha borki, asarni tarjima qilish, uni yozishdan ko‘ra ko‘proq kuch talab qiladi. Tarjimon bilimi va qarashi bilan asar mazmunini boshqa tomonga o‘zgartirib yuborishi mumkin. Ayniqsa, adabiy tarjima bolalar adabiyotida alohida o‘rin tutishi kerak. Afsuski, keyingi paytda chet el adabiyotidan tarjima qilinayotgan asarlar mazmuni bahsli bo‘lib qolmoqda.

So‘nggi o‘n yil ichida o‘zbek bolalar adabiyotida zamonaviy bolaning qiziqishlarini ochib beradigan, uning qahramonliklarini ko‘rsatadigan mashhur va qahramon bola obrazi yaratilmadi. bugungi avlod necha yillardan buyon chet el adabiyotidagi asar qahramonlarini o‘zlari uchun zamonaviy qahramon sifatida kashf etib kelmoqda. 

Achinarlisi, bolalarimiz miyasi, ongida o‘rnashgan bu qarashlarni hech qachon o‘zgartira olmaymiz. Xohlagan vaqtda tarbiyasidan adashtirishi mumkin. Kattalar uchun yozilgan kitobda yo‘l qo‘yilgan xatoni tuzatish mumkin, lekin bolalar uchun yozilgan kitobda ketgan xatoni tuzatib bo‘lmaydi.

Bolalar uchun yozish oson emas. Ular hech qachon taxmin qilinadigan kitobni o‘qimaydi. Bolalarni «loyiha», «mahsulot» sifatida yaratilgan asarlar qiziqtirmaydi. Ularni sirlar, yaxshi yaratilgan qahramonning oldindan aytib bo‘lmaydigan xatti-harakatlari qiziqtiradi. O‘smirlarimiz uchun roman, she’riy kitoblar yo‘qligi ham adabiyotimizdagi yana bir nuqson.

Ularning xarakteri shakllanishida yordam beradigan, ma’naviy kashfiyotlarga undaydigan asarlar yo‘q. Ko‘plab shoirlarimizning minglab nusxada kitoblari chop etilsada, o‘n ikki-o‘n to‘rt yoshli bolalarimizning qalbini hayratga soladigan she’riy kitoblar yo‘q. bugungi kunda bolalar uchun qiziqarli va yaxshi kitob yaratish yozilmagan mavzular haqida ijod qilish demakdir. Shu sababli allaqachon yoritilgan mavzularda ijod qilish yoki shunchaki bor asarni yana qayta tarjima qilib nimagadir erishish nodonlik. Bolalar faqat zavq bilan yozilgan ijod namunalarini yaxshi ko‘radi.

Bolalar yozuvchisi bo‘lish mushkul. Buning uchun bolaqalb, bolafe’l, bolatabiat bo‘lish kerak. Ayniqsa, eng kichik yoshdagi bolakayga moslab she’r yozib ko‘ringchi, uning dilini topingchi, tilini topingchi…

Odam jismonan baquvvat, bilimli, har ishda chaqqon, epchil bo‘lishi mumkin. Ammo oqko‘ngil, iymon-e’tiqodli, insonparvar, yurtparvar bo‘lmasa, hayotda o‘zidan yaxshi nom, yaxshi iz qoldirolmaydi. Adabiyot va san’at bolaning ana shunday go‘zal tuyg‘ular, fazilatlar sohibi bo‘lib shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Bolalar adabiyoti muammolari orasida alohida mavzu, bu – bolalarni kattalar dunyosiga asta-sekin va og‘riqlarsiz olib kirish vazifasidir. Ta’kidlanganidek, bolalar adabiyotidagi «kambag‘allik» sabab bu jarayon amalga oshmayapti. Adabiyot bolalarning ko‘plab qobiliyatini rivojlantiradi: izlanish, tushunish, tasavvur qilishga o‘rgatadi. Yoshiga mos adabiyotlarni mutolaa qilish orqali ijtimoiy hodisalarni anglab katta hayotga bosqichma-bosqich moslashib boradi.

Ajablanarlisi, zamonaviy noshirlar eski asarlarni qayta nashr etishni afzal ko‘rmoqda. Bolalarbop yangi kitoblarni yozish esa muammoligicha qolmoqda. bugungi kunda bolalar uchun yagona mutolaa manbai – kutubxona. ­Biroq kutubxonalardagi kitoblarga e’tibor bersak, ularning ham ko‘pi qayta nashr yoki she’riy to‘plamlardir.

Bolalar adabiyotining hozirgi holatiga ko‘z yumish — farzandlarimiz hayotining muhim qismlarini yo‘q qilish bilan barobar, befarqlik esa yoshlar tafakkuridagi ma’naviy bo‘shliqqa sabab bo‘ladi.

 

Ulug‘bek Yadgarov,

Respublika bolalar kutubxonasi

direktor o‘rinbosari.