Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
590 ta umumtaʼlim maktabida qurilish-taʼmirlash ishlari bajariladi
20:32 / 2019-04-18

Milliy matbuot markazida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosi doirasida mamlakatimizdagi umumtaʼlim maktablari infrastrukturasi va moddiy-texnik taʼminotini yaxshilash borasidagi vazifalar ijrosiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.


Milliy matbuot markazida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosi doirasida mamlakatimizdagi umumtaʼlim maktablari infrastrukturasi va moddiy-texnik taʼminotini yaxshilash borasidagi vazifalar ijrosiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda joylarda bu borada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumot berildi. Maʼlumki, 2017 yilga qadar umumtaʼlim maktablari binolarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash faqat investitsiya dasturi asosida amalga oshirilgan.

2018 yildan boshlab Prezidentimiz tashabbusi bilan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bilan yangidan qurilayotgan, rekonstruksiya qilinib, kapital taʼmirlanayotgan umumtaʼlim maktablarining soni keskin ortdi. Jumladan, 2017 yilda investitsiya dasturi boʻyicha 484 ta umumtaʼlim maktabida 556,6 milliard soʻmlik, 2018 yilda esa “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 918 ta umumtaʼlim maktabida 1,47 trillion soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi.

Joriy yilda ushbu davlat dasturlari asosida dastlabki manzilli roʻyxatlarga koʻra, 590 ta umumtaʼlim maktabida 726,7 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajariladi.

– Ushbu masalalar yuzasidan hududlarda olib borgan oʻrganishlar natijasida 2 ming 302 ta umumtaʼlim maktabining sport zali yoʻqligi aniqlandi, – deydi Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari I.Joʻrayev. – Kelgusida ularni belgilangan tartibda bunyod qilish yuzasidan topshiriqlar berildi. Bundan tashqari, mazkur hujjatda taʼmirga muhtoj sport zallarini talabga mos tarzda yaxshilash, zarur jihozlar bilan taʼminlash choralari ham koʻrsatib oʻtilgan. Endilikda vazirlik tomonidan barcha davlat dasturlari doirasida umumtaʼlim maktablarida olib borilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlari onlayn monitoring qilinadi.

Tadbirda mutaxassislar bu kabi dasturlar orqali obod boʻladigan qishloq va mahallalar soni ortishi hisobiga hududlarda yangi qurilgan va taʼmirlangan umumtaʼlim maktablar soni yil yakuniga qadar yana ham oshishi kutilayotganini aytib oʻtdi. Bunyodkorlik ishlari tufayli mazkur taʼlim muassasalari hududi, ularga eltuvchi yoʻllar yaxshilanishi, atrofi oʻralishi, ichimlik suvi bilan taʼminlanishi, issiqlik tarmoqlari, oqova suv tizimlarining taʼmirlanishiga erishiladi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.