Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
56-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasiga O‘zbekiston mezbonlik qilmoqda
15:52 / 2022-05-10

Prezident ta’lim muassasasalari agentligi tomonidan joriy yilning 10-16 may kunlari 56-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasi tashkil etilmoqda.

Unda Avstriya, BAA, Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Vengriya, Xorvatiya, Suriya, Qirg‘iziston, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, Isroil, Latviya, Ozarbayjon, Armaniston kabi 20 ga yaqin davlat vakillari ishtirok etmoqda. 

Olimpiada asosan uch bosqichdan iboratdir. Birinchi bosqichda kimyo fanidan 8 ta nazariy masalalar yechish ko‘zda tutilgan. Ikkinchi bosqichda kimyo fanidan 15 ta nazariy masalalar ishlanib, bunda ishtirokchi 15 ta masalaning 5 tasini ixtiyoriy tanlab oladi. Uchinchi bosqichda kimyo fanidan 5 ta amaliy laboratoriya o‘tkaziladi. 



Ishtirokchilarning to‘plagan yakuniy natijalari umumlashtiriladi hamda umumiy natija asosida olimpiada g‘oliblari aniqlanadi. Jami ishtirokchilarning 10 foiziga oltin, 20 foiziga kumush va 30 foiziga bronza medallari taqdim etiladi. 

56-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasining O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida 12 nafar o‘quvchi bor. Ularning 7 nafari Agentlik tizimidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda tahsil oladi. 

Aytish kerakki,  Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi 1948 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dunyodagi eng yoshi ulug‘ va nufuzli olimpiada hisoblanadi. Ushbu olimpiada har yili turli davlatlarda o‘tkaziladi. 30 ga yaqin davlatlar mazkur olimpiadada ishtirok etadi. 

O‘zbekiston yoshlari ushbu olimpiadada 2008 yildan boshlab qatnashib kelmoqda. 2008-2020 yillar davomida O‘zbekiston ishtirokchilari tomonidan jami 84 ta medal qo‘lga kiritilgan. Shulardan 29 tasi oxirgi 5 yillikka to‘g‘ri keladi. Jumladan, o‘tgan yilning 20–26 aprel kunlari kimyo fani bo‘yicha 28 ta davlatdan tashrif buyurgan 145 ta o‘quvchi o‘rtasida onlayn tarzda o‘tkazilgan 55-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida agentlik tizimidagi ta’lim muassasalaridan 3 nafar o‘quvchi qatnashib, ularning 2 nafari kumush va 1 nafari bronza medaliga loyiq deb topildi.  

Xalqaro Mendeyelev olimpiadasi – yuqori sinf o‘quvchilarining dunyodagi eng katta bellashuvlaridan biri bo‘lib, turli davlatlar milliy olimpiadalari g‘oliblarini birlashtiradi. Bu UNESCO tomonidan kimyo bo‘yicha maktab o‘quvchilari uchun xalqaro olimpiadaga tenglashtirilgan  yagona fan olimpiadasidir. 

Ushbu olimpiadaning ahamiyati kimyo olimpiadalarini yanada rivojlantirish muammolariga bag‘ishlangan xalqaro yig‘ilish (Riga, Latviya, 2004 yil 9-10 yanvar)da ham alohida ta’kidlanib, maktab o‘quvchilariga kimyo fanini professional o‘rganishga yordam beradigan mintaqalararo hamkorlikning yaxshi namunasi sifatida qayd etildi. 

1992 yilda Xalqaro Mendeyelev olimpiadasi maktab o‘quvchilari uchun Kimyo bo‘yicha Butunittifoq olimpiadasining huquqiy merosxo‘riga aylandi. 1997 yilda u birinchi bor Rossiyadan boshqa davlatda bo‘lib o‘tdi. 2004 yildan Xalqaro Mendeyelev olimpiadasiga Bolgariya, Makedoniya va Ruminiya jamoalari, 2012 yildan Vengriya, Turkiya va Saudiya Arabistoni ham qo‘shilgan. 2016 yilda olimpiadada ilk bor Isroil, Mo‘g‘uliston va Nigeriya jamoalari qatnashishdi. 2019 yilda 30 ta davlat, shu jumladan Ukraina, Gruziya, Isroil, Saudiya Arabistoni, Avstriya va Xitoy kabi davlatlarning ishtiroki tasdiqlangan. 2022 yilda esa Bangladesh maktab o‘quvchilari jamoasi birinchi marta  ishtirok etmoqda. 

Xalqaro ekspertlarning ta’kidlashicha, Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida beriladigan topshiriq va vazifalar o‘quvchilar uchun qiyin,  lekin shu bilan birga qiziqarlidir. Xalqaro Mendeyelev olimpiadasi boshqa milliy kimyo olimpiadalardan bir muncha farq qiladi. Asosiysi -  dastur va tayyorgarlik vazifalari to‘plamining yo‘qligidir.  

Shu sabab ishtirokchilar kimyoning turli yo‘nalishini yaxshi bilishlari kerak. Xalqaro Mendeyelev olimpiadasi topshiriqlari olimpiadada ishtirok etuvchi davlatlardan yetakchi olimlar va kimyo o‘qituvchilaridan iborat doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi uslubiy komissiya tomonidan tayyorlanadi. Xalqaro Mendeyelev olimpiadasining rasmiy tili rus va ingliz tilidir. Jamoa rahbarlarining istaklari bilan topshiriqlarni ishtirokchining ona tiliga tarjima qilishlari ham mumkin. 

Xalqaro Mendeleyev olimpiadasining yana bir alohida jihati bor, ya’ni uning uslubiy komissiyasi va hakamlar hay’ati tarkibiga professor-o‘qituvchilar bilan bir qatorda, albatta oldingi olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan talabalar va aspirantlar ham kiritiladi. Bu urf-odatlarni saqlashga yordam beradi hamda kelgusi yillar davomida davomiylikni ta’minlaydi. 

2022 yilda esa 56-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasiga O‘zbekiston mezbonlik qilmoqda.

 
     N.Usmonova, O‘zA