Keyingi yillarda yurtimizda xalqimiz salomatligini mustahkamlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va saviyasini yuksaltirish, ayniqsa, birlamchi tibbiyot muassasalari faoliyatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Buni Andijon viloyatida amalga oshirilgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Bugungi kunda viloyatning 3,5 million nafardan ortiq aholisiga 10 ming 275 o‘rinli 37 ta shifoxona, 38 ming 180 qatnovli 217 ta birlamchi tibbiyot muassasasi, ya’ni 17 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 86 ta oilaviy poliklinika, 114 ta oilaviy shifokorlik punkti, ularning tarkibida 426 ta mahalla tibbiyot punkti, shuningdek, 7 ming 420 o‘ringa ega 818 ta xususiy tibbiyot muassasasi xizmat ko‘rsatmoqda.

Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida, ayniqsa, birlamchi tizimda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati so‘nggi besh yilda 9-10 barobarga o‘sdi. Masalan, avvalgi yillarda birlamchi tizim uchun jon boshiga ajratiladigan mablag‘ uch barobarga ortib, bugungi kunda 15 ming so‘mga yetkazildi. Birgina 2024 yilda ushbu yo‘nalishga ajratilgan mablag‘ viloyat bo‘yicha 52 milliard so‘mni tashkil etdi.
Ana shu mablag‘ hisobidan aholiga 120 turdagi dori-darmon vositalari yetkazib berildi.

Birlamchi tibbiy tizimni aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida, so‘nggi 3 yilda 40 ta yangi birlamchi muassasa – 29 ta oilaviy shifokorlik punkti, 11 ta oilaviy poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunga kelib, viloyatda birlamchi tibbiyot muassasalari soni 217 taga yetkazildi.

Bundan tashqari, aholiga qulaylik yaratish maqsadida birlamchi tibbiy muassasalarga 2 kilometrdan uzoq masofada joylashgan 526 ta mahallada tibbiyot punktlari tashkil etildi. Natijada 1,5 million nafardan ortiq aholiga yashash uyiga yaqin joyda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.

Viloyatdagi birlamchi tibbiyot muassasalarida 1 ming 830 nafar fuqaro kunduzgi statsionar sharoitda davolanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. O‘tgan 2024 yil davomida 90 ming nafardan ortiq aholi birlamchi tibbiyot muassasalarida davolandi.
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari