Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
5,2 million o‘quvchiga mo‘ljallangan maktablarda 6,3 million o‘quvchi tahsil olmoqda
17:31 / 2023-03-15

Ta’lim mamlakat kelajagi, ertasi bilan bog‘liq bo‘lgan hayot-mamot masalasidir. Shu bois, ushbu sohaning sifati va samaradorligini oshirish, ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash dolzarb ahamiyatga ega.

Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan mazkur sohada olib borilayotgan ishlar hamda ularning natijadorligi ustidan ta’sirchan parlament nazorati o‘rnatilib, sohaga oid hujjatlarning ijro etilishi holati nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi.  

Ushbu o‘rganishlar yakunlari, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar tahlili umumta’lim maktablarida o‘z yechimini kutayotgan qator dolzarb masalalar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Xususan, bugungi kunda o‘quvchilar soni maktablarning mavjud sig‘imidan sezilarli darajada ortiq. Bu esa qo‘shimcha binolar qurish ehtiyojini yuzaga keltirmoqda.  

Mamlakatimizdagi 10 ming 104 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi 5,2 million o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lsada, ularda jami 6,3 million o‘quvchi tahsil olmoqda. 673 ta maktabning navbatlilik koeffitsiyenti esa belgilangan normalardan yuqoriligicha qolmoqda. Masalan, Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi 147 ta maktabning 19 tasida o‘quvchilar uch navbatlilik (smena)da o‘qitilmoqda.  

2022 yilda «Tashabbusli byudjet» loyihasi doirasida 942 ta maktabga davlat byudjetidan 1 trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan. Ammo ayrim hududlardagi maktablarning moddiy-texnik ta’minotini va infratuzilmasini ushbu mablag‘ doirasida yaxshilash borasidagi ishlar shu kunga qadar boshlanmagan.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida sohadagi o‘rganishlar yakunlaridan kelib chiqib, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaga «Maktablarning o‘quvchi o‘rinlarini oshirish, ularning moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash hamda optik tolali internet tarmog‘iga ulash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi masala yuzasidan Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.   

M.Komilova, O‘zA