Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
500 AQSH dollari evaziga ishga joylashtirmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga tushdi
12:01 / 2021-02-10

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Xo‘jayli tumani bo‘limi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tanishlari orqali ishga joylashtirish uchun 500 AQSH dollarini talab qilgan fuqaro ushlandi.

Bu haqda departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi matbuot xizmati O‘zA muxbiriga ma’lum qildi.

Fuqaro D.D.ning arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ma’lum bo‘lganidek, fuqaro O.X. uning ishonchiga kirib, kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalarining biriga ishga kiritib berishni va’da qilgan. Ushbu fuqaro 2021 yil 4 fevral kuni soat 16:34 chamasida Nukus shahridagi avtoturargohda ariza muallifidan firibgarlik yo‘li bilan talab qilingan pulni olayotgan vaqtida ushlandi. Undan kimyoviy ishlov berilgan 500 AQSH dollari ashyoviy dalil tariqasida olindi.

Mazkur xolat yuzasidan fuqaro O.X.ga nisbatan departamentning Xo‘jayli tumani bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ish Xo‘jayli tumani prokuraturasiga yurituviga o‘tkazildi.  

Dovud Abibullayev, O‘zA