Jumadan jumagacha
Bir hafta avval 1973 yil 27 yanvarda Vetnam urushini to‘xtatish va tinchlikni tiklash, deb atalgan Parij bitimi imzolanganiga 50 yil to‘ldi. Hujjat Shimoliy Vetnam emissari Le Dik Txo va haliyam umrguzaronlik qilayotgan o‘sha paytdagi AQSH Prezidenti Richard Niksonning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Genri Kissinjer olib borgan maxfiy muzokara natijasi edi.
Vetnam, Laos va Kamboja qatnashgan urush 1955 yil 1 noyabrda boshlanib, 1975 yil 30 aprelgacha davom etadi. Bu ikkinchi Hind-Xitoy urushi bo‘lib, aslida, Shimoliy va Janubiy Vetnam orasida kechgan.
Shimolni sobiq sovet davlati, Xitoy va boshqa kommunistik ittifoqdoshlar, Janubni esa AQSH va “qizillar” rejimiga qarshi boshqalar qo‘llaydi.
Dastlab fransiyalik bosqinchi hukumat va so‘l inqilobchi Vetmin harakati o‘rtasida Hind-Xitoy urushi kelib chiqadi. 1954 yil Fransiya o‘rnini AQSH egallab, Janubiy Vetnamni moliyaviy va harbiy qo‘llashni zimmasiga oladi.
Shu yili Jenevada o‘tgan tinchlik konferensiyasida Vetnamni 17-parallel bo‘yicha ikki davlatga bo‘lish qarori qabul qilinadi.
1976 yil 2 iyulda Shimoliy va Janubiy Vetnam qo‘shilib, yagona davlat tuzadilar. Shimolliklarning kommunist dohiysi Xo Shi Min xotirasiga janubliklar poytaxti Saygon nomi Xoshiminga o‘zgartiriladi.
...Le Dik Txo va Genri Kissinjer xizmatlari uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq ko‘riladi. Vetnamlik siyosatchi sovrinni qabul qilishdan voz kechadi va amalda hali urush davom etayotganini aytadi. Darhaqiqat, Janubiy Vetnam qo‘shinining taslim bo‘lishi jarayoni hamda Shimoliy Vetnam va Vetkong xalq armiyasi jangovor harakatlari yana ikki yil davom etadi.
Bitim shartiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Janubiy Vetnamdagi 24 mingga yaqin harbiyni hamda 60 kun ichida mamlakatdagi harbiy bazani butunlay olib chiqib ketishi kerak edi.
XX asrning ikkinchi yarmida eng ko‘p qon to‘kilgan bu urushda 58 ming 220 nafar amerikalik askar halok bo‘ldi, 153 ming 303 odam yaralanib, 1643 kishi dom-daraksiz yo‘qoldi.
Shimol 1.1 million jangchisini yo‘qotdi, qarshi tomondan 250 ming askar o‘ldiriladi. Jami ikki milliondan ziyod oddiy aholi vafot etdi.
Dunyo tarixiga eng ko‘p bombalangan mamlakat sifatida kirgan Vetnamga 6.1 million tonnadan ziyod bomba otiladi, 20 million gallon gerbitsid tashlanadi...
Bugun ushbu mamlakatda juda izchil va aniq ijtimoiy siyosat olib borilmoqda. Asosiy e’tibor millionerlarni sanashga emas, balki qashshoqlikdan o‘rtacha darajaga ko‘tarilganlar sonini oshirishga e’tibor qaratilmoqda. Qishloq joylarida turmush darajasini yaxshilash asosiy vazifa etib belgilangan. Ayniqsa, ijtimoiy adolat, tenglik dolzarb. Vetnamda hali-hamon kommunistik partiya hukmronligi bilan bog‘liq siyosiy tizim mavjud.
Turkiya NATOdan chiqadi...mi?
“Vatan” partiyasi rahbari o‘rinbosari Etem Sanchak “Turkiya yarim yildan keyin NATOdan chiqadi, - dedi. - So‘nggi voqealar bizni shunday yo‘l tutishga majburlamoqda, G‘arb davlatlari provokatsiyasi ham shu zaruratni tug‘dirtmoqda”.
Hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi alyansiga kiruvchi Milliy harakat partiyasi yetakchisi Davlet Baxchelining bayonoti ham keskin chiqdi: “Anqara NATOdan chiqish masalasini muhokama qilishga tayyor. Biz bu dunyoga NATOsiz kelgan edik, NATOsiz ham yashaymiz”. Darvoqe, Baxcheli mamlakatining Shimoliy Alyans quchog‘idan chiqib ketishi to‘g‘risida birinchi marta gapirmayapti.
Taniqli rasmiy siyosatchining ayni mavzudagi chiqishi yanada e’tiborli. Britaniyaning “The Daily Telegraph” gazetasiga intervyu bergan AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jon Bolton “Agar Turkiya yetakchisi qayta saylansa, Turkiyaning NATOdan chiqishi masalasi jiddiylashadi”, deya fikrini ochiq bayon qildi.
Turkiyaning Stokgolmdagi elchixonasi yonida Qur’on nusxasi yoqilishi hodisasidan keyin Erdog‘an Shvetsiya NATOga kirish masalasida Anqaradan muruvvat kutmasin, dedi va ushbu Skandinaviya davlatini Yevropada qo‘poruvchilik uchun maydon yaratib berayotganlikda aybladi. TIV bayonotida esa mazkur voqea “Yevropadagi islomofobiya, irqchilik va kamsitish darajasidan dalolat”, deyildi.
“Anadolu” agentligi Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi bo‘yicha fevralda o‘tishi rejalangan Anqara, Stokgolm va Xelsinki o‘rtasidagi uchrashuv qoldirilgani xabarini berdi.
“Hürriyet” gazetasi hukumatdagi manbasiga tayanib, Anqara Shvetsiyaning Shimoliy Alyansga kirishi to‘g‘risidagi qarashini 14 mayda o‘tadigan prezidentlik saylovigacha o‘zgartirmaydi, deb yozdi.
Yanvar oyi boshida “Gezici” xususiy ijtimoiy markazi mintaqadagi xalqaro xavfsizlik tizimi muammolari fonida “Turkiyaning AQSH, NATO va YeI bilan munosabati” mavzusida so‘rov o‘tkazdi. Mazkur tadqiqotda qatnashganlarning 90 foizi AQSHni dushman davlat, deb atagan.
Shundan keyin mahalliy matbuotda “Turkiyaning NATOga a’zoligi saqlanib qolsinmi yoki yo‘q?” mazmunidagi savol bilan bog‘liq tortishuvlarga yo‘l ochildi.
Bahs davom etar ekan, matbuotda avval ham Anqarani NATOdan chiqarishga urinish bo‘lgani eslandi. Fransiya Prezidenti Makron birinchilardan bo‘lib Turkiya Rossiyadan havo hujumiga qarshi S-400 tizimi sotib olganini, AQSH Kongressi ushbu qurol Qorabog‘ urushida qo‘llanganini yodga olib, buning uchun mamlakatni jazolash niyatlarini oshkor etdi.
Bundan tashqari respublikachi-senator Lindsi Grem Suriyadagi asossiz amaliyoti uchun Anqarani “joyiga o‘tqizib qo‘ymoqchi” bo‘lgani ham xotiralarda tiklandi.
Anqara bunday xurujlarga parvo qilmadi, chunki NATO Nizomida biror davlatni Shimoliy alyansdan chiqarish tartibi yo‘qligi ma’lum bo‘lib qoldi...
Endi aksil axborot hujumi navbati Turkiyaga keldi. Bu kurashni Etem Sanchak va Davlet Baxcheli bayonotida ko‘rdik.
Turk rasmiylari Vashingtonni Skandinaviyaga emas, Turkiya va NATO muammosiga diqqat etish hamda Anqaraga qarshi siyosiy sanksiyadan voz kechishga chaqirmoqda.
Anqara NATOni tuzishdan ko‘zlangan asl maqsad – “kommunizm tarqalishiga qarshi turish” yoki bugun dolzarb hisoblangan “Rossiya tahdidi”ni zararlantirish o‘z manfaatiga to‘g‘ri kelmasligini allaqachon tushunib yetgan, deyishyapti ekspertlar.
2003 yilgacha Bosh vazir bo‘lgan Turkiya yetakchisi, 20 yildirki, mamlakatni boshqarib kelmoqda. Keyingi yillarda murakkab iqtisodiy vaziyat tufayli uning obro‘si biroz tushgani ham bor gap.
Ayni payt Ukraina atrofidagi vaziyat, ayniqsa, Rossiya bilan munosabat Erdog‘anning reytingini yana yuksaltira boshladi. Shu omil davlat rahbari saylovida unga “qo‘l kelishi” mumkin. Mintaqa muammolarida G‘arb bosqini, NATO bilan kelishmovchilik oqibati nimaga olib kelishi mumkin? Bu bahsli savolga javobda tosh og‘irligi qaysi tomonga bosadi, bu yog‘ini vaqt ko‘rsatadi...
Sport tinchlik elchisi edi...
Ikki slavyan davlati mojarosi sportga ham ta’sir ko‘rsatdi. “Sport tinchlik elchisi” shiori ham tarixda qoldi, chog‘i. Rossiya va Belarus sportchilari, deyarli, bir yildan buyon xalqaro maydonda ko‘rinmaydilar.
Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (XOQ)ning rossiyaliklar va belaruslar xalqaro musobaqalarda neytral maqomda ishtirok etishi mumkinligi haqidagi bayonoti dunyoda keskin aks-sado berdi. 2024 yil Parijda o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida Rossiya va Belarus ishtirokiga qarshi koalitsiya tuzish boshlab yuborildi.
XOQning asosiy talablaridan biriga ko‘ra, sportchilar na og‘zaki nutqda, na amalda Rossiyaning Ukrainaga bugungi munosabatini qo‘llashi taqiqlanadi. Kiyevliklar bunga ham ko‘nmadi: hatto, musobaqada kam sonli rossiyaliklar qatnashsa ham, boykot qilish bilan tahdid qilib chiqdi.
Tashkilot, insoniylik nuqtai nazaridanmi yoki boshqa sababdanmi, xullas, Rossiya va Belarus sportchilarining Parij o‘yinlarida qatnashishiga ruxsat beradigandek.
Bir yil ichida Rossiya va Belarusdan faqat tennischilar neytral bayroq ostida maydonga tushdi. Shundayam, katta raketka ustalari Uimbldondan tashqari, Avstraliya ochiq chempionati va boshqa ayrim “Katta dubulg‘a” turnirlarida betaraf maqomda ishtirok etishdi.
2022 yil oxiriga kelib, XOQ bu ikki davlatga nisbatan qo‘yilgan cheklovni olib tashlash bo‘yicha muhokamani boshlab yubordi. Shu tariqa dunyo sport jamoatchiligi ham ikkiga bo‘lindi-qoldi, go‘yo...
25 yanvarga kelib, XOQ yangi qarashini ma’lum qildi: “Rossiya va Belarus sportchilarini musobaqalarga yakka tartibda kiritish imkoniyati ko‘rib chiqiladi”. Sharti – Ukraina atrofidagi ziddiyatni qo‘llab-quvvatlamagan va doping qoidasini buzmagan sportchilargina xalqaro turnirlarda qatnashish uchun ruxsat olishlari mumkin.
XOQning boshqa taklifiga ko‘ra, ikki davlat sportchilariga ruxsatni ular qatnashadigan sport turi federatsiyasi berishi kerak. Bu faqat “Olimiada-2024”ga taalluqli, jahon, Yevropa chempionatlari va boshqa turnirlarga emas.
Muqobil taklif Osiyo Olimpiya Kengashidan tushdi. Hozir Rossiya va Belarus sportchilarini 23 sentyabr-8 oktyabr kunlari Pekinda o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga taklif etish masalasi ko‘rib chiqilyapti.
Bundan tashqari XOQ BMTning madaniy huquq va irqchilikning zamonaviy shakli bo‘yicha maxsus ma’ruzachilaridan maktub oldi. Ushbu murojaatda ikki slavyan davlati sportchilariga nisbatan qarash ularni xavotirga solayotgani aks etgan.
1992 yil. Yugoslaviya davlati BMT sanksiyasi ostida yashayotgan, buning ustiga mamlakat parchalanishi davom etayotgan davr. O‘sha yili Barselonada o‘tgan yozgi o‘yinlarda Serbiya va Chernogoriya sportchilari birinchi marta “mustaqil ishtirokchi” maqomi, Olimpiya bayrog‘i ostida maydonga tushgan.
Rossiya “siyosatni sportga aralashtirish to‘g‘ri emas”ligini mudom ta’kidlab keladi. Xalqaro musobaqalar ruslar ishtirokisiz qiziqarli emas, deyishadi.
Jahon hamjamiyati orasida ham bu xususda yakdil fikr, qarash yo‘q. Bosh tanqidchi – Ukraina va G‘arbdagi ittifoqchilar tinmay HOQ takliflariga qarshilik bildirmoqda. Hatto, Prezident Zelenskiy “Olimpiada-2024” mezboni, hamkasbi Makronga xat yozib, Rossiya va Belarus vakillarini musobaqaga qo‘ymaslik shartini qo‘ydi...
Mavzuga oid bahs hali ancha davom etadigan ko‘rinadi.
Hozircha shu...
Kelasi jumada xabarlashguncha!
Abror G‘ulomov,
O‘zA siyosiy sharhlovchisi