Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
50 ming nafar yosh IT sohasida yuqori daromadli ish bilan ta’minlanadi
20:38 / 2024-02-09

Ma’lumki, mamlakatimizda IT eksportini oshirish, sohada yuqori daromadli yoshlar safini ko‘paytirish, tizimdagi korxona va markazlar faoliyatini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Nega aynan IT tizimiga e’tibor qaratilyapti? 

Chunki, bu soha butun dunyoda eng ko‘p maosh to‘lanadigan yo‘nalishlar reytingida yetakchilar qatorida. Uzoqqa bormaymiz. Bizda ham o‘z uyida, ota-onasi bag‘rida qiynalmasdan 1000 dollardan daromad topayotgan maktab yoshidagi bolalar ko‘p. 

Bunga bir qancha misollar keltiramiz. Jizzaxlik Shahzod O‘ktamov 16 yoshda. Frilanserlik bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda oyiga 400 dollar daromad topadi. Farg‘onalik Zuhra Abdurasulova 20 yoshda. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti talabasi va bank tizimi mutaxassisi. IT sohasini o‘rganib, bugungi kunda oyiga 1000 dollar daromad topmoqda. Surxondaryolik Mohirbek Xushboqov 10 yoshda. Mohirbek 10 yosh bo‘lishiga qaramasdan uning o‘z kasbi va daromadi bor. “Bir million dasturchi”loyihasini tugatib, bugungi kunda 250 AQSH dollari daromad topmoqda. 

Bu kabi misollarni uzoq davom ettirish mumkin. Bu yigit-qizlarni ko‘rib ko‘pchilik havas qilishi tabiiy, ular nafaqat yuqori daromad topyapti, balki xalqaro maydonga kirib boryapti. Eng asosiysi, yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanmoqda. 

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, mamlakatimizda IT sohasida yuqori daromad topayotgan yoshlar soni 2022 yilda 18 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda yuqori daromad topayotgan yoshlar soni 24 ming nafarga yetdi. Rejaga ko‘ra, 2024 yilda ularning soni 50 mingga yetkaziladi. 

Endilikda IT sohasida yuqori daromad kasbga ega bo‘lishi uchun imkoniyatlar ko‘lami yanada ortadi. Prezidentimizning joriy yil 1 fevralida “Raqamlashtirish sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu tendensiyalarni yanada tezlashtirish, ko‘zlangan maqsadga erishish yo‘lidagi muhim hujjat bo‘ldi. 

800 million dollarlik IT eksporti, 50 ming yoshni yuqori daromadli ish o‘rinlari bilan ta’minlash bu O‘zbekistonning joriy yil uchun qo‘ygan katta maqsadi. Bu natijaga erishish uchun esa sohada malakali mutaxassislar sonini oshirish muhim omillardan. 

Davlatimiz rahbarining yuqorida nomi keltirilgan qarori, endi IT ta’limi yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan kompaniyalarni rag‘batlantirish orqali ularda tayyorlanayotgan malakali mutaxassislarni nafaqat son, balki sifat jihatdan yuksaltiruvchi muhim asos bo‘ldi. 

Qarorga binoan, endilikda o‘quv markazlar yetuk IT mutaxassislarini tayyorlab, eksport qiladigan IT kompaniyalarga ishga joylashtiradigan bo‘lsa, ularga 2000 dollargacha davlat tomonidan subsidiya ajratiladi. Imkoniyati cheklangan yoshlarni IT sohasiga jalb qilib, eksport qiladigan IT kompaniyalarga joylashtiradigan bo‘lsa, 3000 dollarigacha davlat tomonidan subsidiya beriladi. Bu hujjat bilan O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 100dan ortiq o‘quv markazlari sifatli kadr tayyorlayotgani uchun davlat tomonidan qo‘llab quvvatlanadi. 

Bugungi kunda O‘zbekistonda IT eksport qiladigan kompaniyalar soni 400 dan oshdi. Bu kompaniyalarda sifatli kadrga ehtiyoj katta. IT mutaxassislarini tayyorlaydigan o‘quv markazlari sifatli kadr yetishtirish uchun davlat o‘rtada turib moliyaviy qo‘llab quvvatlayapti. Ushbu hujjatga asosan, 2024 yil 1 martdan nodavlat ta’lim tashkilotlari bitiruvchisi IT xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashganda BHMning 75 baravarigacha, nogironligi bo‘lgan yosh bitiruvchisi bunday tashkilotga ishga joylashgan hollarda esa 105 baravarigacha bir martalik subsidiya ajratish tizimini nazarda tutuvchi joriy etiladi. 

Bu qaror O‘zbekistonda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” da yoshlarimizga yana bir imkoniyatdir. Qarordagi yana bir imtiyoz xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning xarajatlarining qoplab berilishi bo‘ldi. Endilikda yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarini olish xarajatlarining 60 foizgacha qismini qoplab berish tartibi joriy qilinadi. Bundan tashqari, ingliz tilini bilish bo‘yicha B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlar olish xarajatlarini to‘liq qoplab berish tartibi joriy etiladi.

Shunga ko‘ra, subsidiya olish hamda xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning o‘qish va ushbu sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha davlat xizmatlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali bepul ko‘rsatiladi. 

Yana bir muhim yo‘nalish, endi bu qaror orqali IT ta’lim yo‘nalishida ko‘proq va sifatli kadrlar tayyorlaydigan kompaniyalarning yangilab boriladigan reytingi yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa raqobat orqali ham eksport, ham yuqori daromadga ega kadrlar ko‘payishi uchun katta yo‘l ochadi. 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA