English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
50 million so‘mgacha bo‘lgan muammoli kreditlar 2,7 trillion so‘mni tashkil etmoqda
12:36 / 2025-11-18

Bugungi kunda ko‘pchilik yurtdoshlarimiz bank va kredit tashkilotlaridan muayyan maqsadlar uchun kredit olib foydalanmoqda. Ammo kredit qarzdorligini o‘z vaqtida qaytarmaslik turli nizolarni keltirib chiqaradi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda qarzdorlik summasi 50 million so‘mgacha bo‘lgan muammoli kreditlar 2,7 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Ya’ni, bu 261 ming 129 ta shartnomani tashkil qiladi.

Muammoli kreditlarni undirishda kredit tashkilotlari tomonidan garov narsasiga undiruvni qaratish jarayoni o‘rtacha 187 kundan 612 kungacha bo‘lgan muddat sarflanishiga, bu esa kredit tashkilotlari va jarayonda ishtirok etuvchi tegishli davlat organlarining qo‘shimcha resurslari sarflanishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada amaliyotda kreditor talabini qondirish muddatlari cho‘zilishiga olib kelmoqda. Bu esa kredit qarzdorliklarining undirilmasligi hamda muammoli kreditlar ulushining oshishiga sabab bo‘lyapti.  

Endilikda bu kabi ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish masalasi ko‘zda tutilmoqda. Shu maqsadda ishlab chiqilgan fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida birinchi o‘qishda muhokama qilindi.  

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdialiyev mazkur loyihada ko‘zda tutilayotgan normalar bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi:

— Prezidentimizning tegishli qarori ijrosi doirasida ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasi sud ishlarini ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish va iqtisodiy faoliyatning samaradorligini oshirishga qaratilgan. Xususan, Fuqarolik protsessual hamda Iqtisodiy protsessual kodekslariga fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqishga asos bo‘luvchi da’vo miqdorini oshirish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, da’voning bahosi jismoniy shaxslarga nisbatan BHMning besh baravari, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan BHMning o‘n baravari, yuridik shaxslarga nisbatan BHMning yigirma baravari miqdoridagi nizolar soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladi. Ammo bu summalar kamligi, banklar tomonidan ajratilayotgan kredit mablag‘lari esa bundan bir necha barobar ko‘pligi sababli banklar tomonidan muammoli kreditlarni soddalashtirilgan tartibda undirish uchun da’vo arizasi bilan sudlarga murojaat qilishi imkonsiz bo‘lib qolmoqda.  

Qonun loyihasi bilan soddalashtirilgan tartibda ko‘riladigan ish bo‘yicha da’voning maksimal bahosi fuqarolik nizolari bo‘yicha yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 150 baravari, yakka tartibdagi tadbirkorlarga BHMning 100 baravari, jismoniy shaxslarga BHMning 50 baravari, iqisodiy nizolar bo‘yicha esa yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 150 baravari, yakka tartibdagi tadbirkorlarga BHMning 100 baravari etib belgilanmoqda. Bu o‘zgarishlar natijasida ko‘plab fuqarolik va iqtisodiy nizolar sudda tezkor hal etiladi, sud qarorlari esa odatdagidan tezroq qonuniy kuchga kiradi. Masalan, jami 2,7 trillion so‘mni tashkil etayotgan 50 million so‘mgacha bo‘lgan muammoli kreditlar bo‘yicha ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish natijasida muammoli kreditlar 13 foizga kamayadi,  — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida umumiy tartibda ko‘rilayotgan ishlarning aksariyat qismi soddalashtirilgan tartibda ko‘riladi va bu ishlar bo‘yicha sud qarorlarining kuchga kirish muddati 30 kundan 10 kunga qisqarishi natijasida banklar balansidagi harakatsiz va muammoli aktivlar ulushi kamayadi hamda iqtisodiy nizolar tezroq hal etiladi. Shu bilan birga, sud tizimidagi yuklama kamayib, banklar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun moliyaviy barqarorlik ta’minlanadi.

Muhokamalarda bir qator savollar o‘rtaga tashlandi va tegishli javoblar olindi. Savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA