– Prezident Donald Tramp AQSHga Braziliyadan borayotgan barcha mahsulotlarga 50 foizlik boj joriy qildi, – deya xabar tarqatdi “Politico” nashri. – Bunga Oq uy rahbarining BRIKS sammitidan noroziligi sabab.
Amerika yetakchisi chorshanba kuni ijtimoiy tarmoq orqali 1 avgust kuni soliq joriy etilishini ma’lum qilib, bu tahdidni do‘sti va ittifoqchisi, sobiq Prezidenti Jair Bolsonaru uchun adolatli kurash sifatida taqdim etdi. Binobarin, to‘rt xabardor manbaga ko‘ra, hal qiluvchi omil hafta oxirida Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan anjumandir.
– BRIKS tarozi pallasini ko‘tardi, – deydi Trampning Lotin Amerikasi bo‘yicha sobiq maxsus vakili Maurisio Klaver-Karone.
Manbalarga ko‘ra, Oq uy Braziliyani jazolashning boshqa usullariga ham murojaat qilishi mumkin. Masalan, sanksiyani juda uzoq davom ettirish yoki o‘ta murakkablashtirish.
Avvalroq AQSH rahbari ijtimoiy tarmoqda BRIKSning “aksil amerikacha” siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi har qanday davlatga qo‘shimcha 10 foiz boj belgilanishini yozib, “Bu siyosatda hech qanday istisno bo‘lmaydi”, degan.

O‘z navbatida Prezident Luis Inasiu Lula da Silva qo‘shimcha tarif voqeasiga “Record” TV telekanaliga bergan intervyusida quyidagicha izoh berdi:
– AQSH bilan savdo Braziliya yalpi ichki mahsulotining atigi 1,7 foizini tashkil qiladi. Demak, bu muhim ahamiyatga ega emas. Biz shusiz yashay olmaydigan holatdamasmiz. Mamlakatimiz tarif masalasida o‘zaro kelishuv tamoyilidan voz kechmaydi, boshqa savdo hamkorlarini qidirishda davom etadi. Masalan, meni oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan ASEAN davlatlari sammitiga taklif qilishdi. Tadbirda Osiyoning iqtisodiy jihatdan juda kuchli 10 davlati to‘planadi. Ya’ni qit’a davlatlari bilan strategik hamkorlikni rivojlantirish, biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratish mumkin. AQSH sotib olishni istamasa, tovarlarimizni xarid qiladigan boshqa sheriklarni topamiz.

Luis Inasiu Lula da Silva “Jornal Nacional” nashri muxbiriga yarim dunyo aholisi va jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 30 foizini birlashtirgan BRIKS uyushmasi suverenitetga asoslangan va teng huquqli hamkorlikka intilayotgan Global Janub mamlakatlari uchun jozibador markazga aylanganini ta’kidladi. A’zo mamlakatlarga nisbatan sanksiya mavzusini sharhlarkan, bu davlatlarning ko‘pchiligi G20 tarkibida AQSH bilan teng asosda ishtirok etayotgani, yaqinda bo‘lib o‘tgan G7 yig‘ilishiga Braziliya, Hindiston, Janubiy Afrika va Meksika taklif qilinganiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, u BRIKS sammitida “AQSHni tanqid qilgani uchun Tramp Braziliyaga qarshi savdo chorasi masalasini qo‘zg‘agan bo‘lishi mumkin” qabilidagi taxminlarni inkor etdi:
– Braziliya Qo‘shma Shtatlarning G7 tizimidagi ishtiroki yoki amerikaliklar nima qilayotgani yuzasidan hech qachon asabiylashmagan. Har bir davlatda o‘zi zarur, deb hisoblagan ishni qilishga suveren huquq bor.
S.Rahimov, O‘zA